Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo`limi xodimlari tomonidan Farg`ona tumanida navbatdagi tezkor tadbir o`tkazildi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo`mitasi Axborot xizmati.
Tezkor tadbirda “Kaptiva” rusumli avtotransport vositasida ketayotgan shaxs bojxonga xodimlari tomonidan kuzatuvga olinganini sezib qoladi va zudlik bilan avtomashinadagi 7 dona qog`oz qutilarini shu atrofdagi ariqqa oqizishga, o`zi esa voqea joyidan yashirinishga urinadi.
Bu esa bejiz emas ekan. Ariqqa oqizib yuborilgan qutilar olinib, belgilangan tartibda ko`zdan kechirildi. Natijada, ushbu qutilarda bojxona nazoratini chetlab aylanma yo`llar orqali olib kirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o`tganligini tasdiqlovchi bironta ham hujjatlari bo`lmagan 6 turdagi 158 dona telefonlar borligi aniqlandi.
Ularning umumiy qiymati 300 mln. 600 ming so`mni tashkil qilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






