Byuroning Yashnobod tuman bo`limi ish yurituvida, Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor mas`uliyati cheklangan jamiyatdan undiruvchi TIF Milliy bank foydasiga jami 4 mlrd. 418 mln. 545 ming so`m miqdorida qarz undirish ijro ishi mavjud bo`lgan.
Ijro hujjati 04.08.2020 yilda bo`lim ish yurituviga kelib tushgan va davlat ijrochisi N.Davlatov tomonidan O`zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi Qonunining 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritish qo`zg`atilgan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida Qonunning 21, 87-moddalariga asosan qarzdorga tegishli barcha (valyuta, maxsus, blok va ikkilamchi) hisob varaqalar, asosiy vositalar ro`yxati, debit-kreditor qarzdorlikni tasdiqlovchi hujjatlar o`rganilib, qarzdorga berilgan ixtiyoriy muddatdan so`ng unga tegishli mol-mulklarga band solingan.
Shuningdek, qarzdor tadbirkorga tegishli Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Jarqo`rg`on ko`chasida joylashgan omborxona tegishli tartibda xatlangan va davlat ijrochisining 21.10.2020 yilda asosan mol-mulkni elektron onlayn-auksionda sotish uchun qaror qabul qilingan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli ko`chmas mulk sotilib, undiruvchi TIF Milliy bank foydasiga jami 4 mlrd. 418 mln. 545 ming so`m pul mablag`lari undirib berildi va ijro ishi O`zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi Qonunining 23-moddasiga asosan tamomlandi.






