O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboev Moskvada Rossiya Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari Anna Popovaga «Mehr-saxovat» ko`krak nishonini topshirdi, deya xabar bermoqda Sog`liqni saqlash vazirligining Matbuot xizmati.
O`zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma`lum qilishicha, marosim chog`ida Rospotrebnadzor rahbari Prezident Shavkat Mirziyoevga yuksak mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Pandemiya paytida bir guruh rossiyalik etakchi mutaxassislar o`zbekistonlik hamkasblariga uslubiy va amaliy yordam ko`rsatish uchun O`zbekistonga yuborilgan edi. Rospotrebnadzor, shuningdek, O`zbekistonga 140 ming dona test to`plamlarini yubordi. Bu o`z vaqtida koronavirus infeksiyasini aniqlash va tarqalishining oldini olishga imkon berdi. Bundan tashqari, ushbu tashkilot «SPID infosvyaz» tashkiloti va UNAIDS bilan hamkorlikda mamlakatimizga birlamchi tibbiy-profilaktika, akusherlik, ginekologik, kardiologik va urologik yordam ko`rsatishga mo`ljallangan ko`chma diagnostika majmuasi hamda xavfli infeksiyalarni (OITS, SOVID-19 va boshqalar) tekshirish va aniqlash bo`yicha xizmatlarni taqdim etdi.
O`zbekiston Prezidentining 2020 yil 26 maydagi farmoniga muvofiq, koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashishda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko`rsatgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo`llab-quvvatlashga katta hissa qo`shgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashda faol ishtirok etishda o`rnak bo`layotgan yurtdoshlarimiz va xorij fuqarolarini taqdirlash maqsadida «Mehr-saxovat» ko`krak nishoni ta`sis etilgan edi.






