AsosiyJamiyat

NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi

'NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi'ning rasmi

“2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF–6181-son, 04.03.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.

Farmon bilan belgilangan yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning maqsadli ko`rsatkichlari tasdiqlandi.  

Maqsadli ko`rsatkichlar, jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:  

● nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo`llab-quvvatlash hajmini 2021 yilda kamida 1,2 baravarga, 2025 yilda 1,8 baravarga oshirish;

● Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondlariga 2021 yilda 16 milliard so`m, 2025 yilda 70 milliard so`m mablag`lar ajratish;

● mamlakatimizda e`lon qilinadigan yilga oid davlat dasturida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini 2021 yilda 30 taga, 2025 yilda – 50 taga etkazish;

● sodir qilinayotgan huquqbuzarliklarni nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan 2021 yilda 3,8 foizga, 2025 yilda 19,2 foizga kamaytirish;

● 2021 yilda 50 ta, 2025 yilda 250 ta nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini Davlat boshqaruvi akademiyasida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

2021 yil 1 apreldan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi.

Mazkur ochiqlik indeksini ishlab chiqish va to`liq amaliyotga joriy qilish adliya organlariga yuklatiladi.

Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo`mitalari (komissiyalar) majlislarida ishtirok etuvchi doimiy vakili instituti joriy etiladi.

Doimiy vakil fuqarolik jamiyati rivojiga hissa qo`shgan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda faollik ko`rsatgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor bo`lgan nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari orasidan Jamoatchilik palatasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

 Farmonga ko`ra, 2021 yil 1 maydan “Shaffof xayriya” yagona interaktiv portali ishga tushiriladi.  

 

    Boshqa yangiliklar