Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Qirg`iziston hukumatining Jalolobod viloyatidagi vakolatli vakili Abdusattor Sirgabaev bilan videomuloqotda bo`ldi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Azizbek Abduvaliev xabar bermoqda.
Muloqot davomida ikki viloyat o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va kelgusidagi istiqbollari muhokama qilindi. O`zaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan «Yo`l xaritasi» ko`rib chiqildi.
Shavkat Abdurazzoqov qishloq xo`jaligi, chorvachilik, sanoat va tekstil sohalaridagi hamkorlikka alohida urg`u berdi. 2021 yil mart oyida, Navro`z bayrami kunlari Namanganda ikki viloyat tadbirkorlarining biznes-forumini o`tkazishni taklif qildi.
— Namanganda Navro`z kunlari 6 tonnalik sumalak tayyorlanadi, uloq-ko`pkari o`tkaziladi. Siz boshchiligingizdagi delegasiyani aziz mehmonlarimiz qatori kutib olishga tayyormiz. Bayramni birgalikda nishonlaymiz, — dedi Shavkat Abdurazzoqov.

Ushbu taklif vakolatli vakil tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
O`z navbatida, Abdusattor Sirgabaev «Namangan—Jalolobod» yo`nalishida transport qatnovini yo`lga qo`yish, ko`mir ishlab chiqarish bo`yicha qo`shma korxona ochish, Jalolobod viloyatining Safed-Bulon, Sarichelak, Arslonbob kabi turistik manzillariga namanganlik sayyohlarni jalb etish bo`yicha takliflarini ilgari surdi.

Ikki viloyat rahbarlari Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarovning O`zbekistonga bo`lajak tashrifi arafasida o`zaro aloqalarning barcha jihatlarini yana bir bor ko`rib chiqishga kelishib oldi.






