AsosiyJamiyat

Freedom House O`zbekistonni «erkin bo`lmagan» mamlakatlar qatorida qoldirdi

'Freedom House O`zbekistonni «erkin bo`lmagan» mamlakatlar qatorida qoldirdi'ning rasmi

Inson huquqlari bo`yicha xalqaro tashkilot Freedom House 2020 yil yakunlari bo`yicha jahon mamlakatlarining erkinlik darajasiga oid an`anaviy yillik hisobotini e`lon qildi. Yangi reytingda O`zbekistondagi erkinlik darajasi 100 balldan 11 ballga baholangan va O`zbekiston «erkin bo`lmagan» mamlakatlar qatorida qolgan. Bu haqda tashkilot ma`lumotlariga tayanib Kun.uz xabar berdi. 

O`zbekistondagi siyosiy huquqlar eng yuqori 40 balldan 2 ballga, fuqarolik erkinliklari esa eng yuqori 60 balldan 9 ballga, jami 11 ballga baholangan. Shuningdek, internet erkinligi bo`yicha ham O`zbekiston 100 balldan 27 ball to`plab interneti erkin bo`lmagan mamlakatlar qatoridan joy olgan.

2020 yil yakunlari bo`yicha reytingda eng yuqori o`rinlarni maksimal 100 ball bilan Evropa davlatlari Finlyandiya, Norvegiya va Shvesiya egallagan. Eng past natijalarni esa Tibet va Suriya 1 ball bilan, Turkmaniston, Eritreya, Janubiy Sudan (2 balldan) va Shimoliy Koreya (3 ball) egallagan.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari - Tojikiston (8 ball), Qozog`iston (23 ball) va Qirg`iziston (28 ball) ham «erkin bo`lmagan» mamlakatlar qatoriga kiritilgan. Qirg`iziston o`tgan yili qisman erkin bo`lgan davlatlar qatorida edi. Lekin Freedom House o`tgan yilgi parlament saylovlarida fuqarolarning siyosiy huquqlari buzilishi ortidan mamlakat reytingini tushirib yubordi.

Osiyo qit`asida Janubiy Koreya, Yaponiya va Mo`g`uliston erkin mamlakatlar sifatida qayd etilgan.

Freedom House’ning an`anaviy tadqiqoti bu yil 195ta mamlakat va 15ta hududni qamrab olgan. 82ta davlat va 1ta hudud (kartada yashil) to`liq erkin, 59ta davlat va 4ta hududda (sariq) qisman erkinlik bor. 54ta davlat va 10ta hudud (binafsharang) esa erkin bo`lmaganlar qatoriga kiritilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar