5 mart kuni Innovasion rivojlanish vazirligida Scopus ma`lumotlar bazasidagi 4 ta fan – matematika, geologiya, biologiya va kimyo yo`nalishlari bo`yicha eng yuqori Xirsh indeksiga ega yosh olimlarni mukofotlash marosimi o`tkazildi. Bu haqda Innovasion rivojlanish vazirligi ma`lum qildi.
Tadbirda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Dilorom Toshmuhamedova, Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, yosh olimlar, tadqiqotchilar, Yoshlar akademiyasi a`zolari, OTM prorektorlari ishtirok etdilar.
Davlatimiz rahbarining iqtidorli yoshlarni qo`llab-quvvatlash borasidagi topshiriqlarini bajarish maqsadida “Scopus” xalqaro ilmiy ma`lumotlar bazasining 2020 yil yakunlari bo`yicha matematika, biologiya, kimyo va geologiya fanlari bo`yicha bir nafardan eng yuqori Xirsh indeksiga erishgan 40 yoshgacha bo`lgan yosh olimlarni 100 mln. so`m miqdoridagi bir martalik pul mablag`lari bilan mukofotlash belgilangan bo`lib, mukofot bilan 6 nafar yosh tadqiqotchi taqdirlandi. Yosh olimlarni mukofotlash shaffoflik va oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etilishi maqsadida “Scopus” bazasi asoschisi bo`lgan Niderlandiyaning “Elsevier” axborot-tahlil kompaniyasi bilan hamkorlik o`rnatildi. Kelishuvga asosan kompaniya O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan yosh olimlarning 2020 yil oxiri holatiga ko`ra Xirsh indeksi to`g`risidagi ma`lumotlarni taqdim etdi.
Mana shu ma`lumotlarga asoslangan holda matematika yo`nalishida ilmiy izlanishlar olib borayotgan Abror Xudoyberdiev (H-indeks — 9) 100 mln. so`m, kimyo bo`yicha Obid Tursunov (H-indeks — 14) 100 mln. so`m mablag` bilan taqdirlandi. Biologiya sohasida ilmiy ishlari samaradorligi yuqori deb topilgan Ulug`bek Abdufattaev (H-indeks — 6) va Tohir Bozorov (H-indeks — 6) 50 mln. so`mdan pul mukofoti oldilar. Geologiya yo`nalishida esa Shamshodbek Akmalov (H-indeks — 5) va Elyor Toshmatov (H-indeks – 6) g`olib deb topilib, ularning ham har biriga 50 mln. so`mdan mukofot topshirildi.

– Bugun 6 nafar olim taqdirlandi, bu O`zbekistondagi eng katta Xirsh indeksiga ega yosh olimlardir, – dedi innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. — Biologiya va geologiya yo`nalishlarida ikki nafar tadqiqotchining iqtiboslari soni teng bo`lib qolgani sababli dunyo tajribasidan kelib chiqib, mukofotni teng ikkiga bo`lib taqdim etildi. Mazkur mukofotlash endi an`anaga aylanadi va har yili mukofotlanadigan yo`nalishlar soni ko`payib boraveradi. Joriy yil natijalariga ko`ra, mana shu to`rtta yo`nalishga qo`shimcha tarzda yana fizika fani va ingliz tili sohasida tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar mukofotlanadilar. Yildan yilga mukofotlanadiganlar soni ham oshib boraveradi.
So`nggi 2-3 yillik rivojlanish tendensiyasini ko`radigan bo`lsak, yurtimizda ilm-fan bilan shug`ullanish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishdan manfaatdorlik paydo bo`ldi. Mazkur mukofot ham ilmiy ishlar bilan shug`ullanish orqali katta yutuqlarga erishish mumkinligining bir isbotidir.
«Scopus» – dunyoning eng nufuzli ilmiy-tahliliy reyting platformalaridan biri hisoblanadi. Undan o`rin olish uchun ilmiy maqola yozish talab etiladi. Reytingda o`sish uchun mazkur ilmiy maqolaga havola berilishi, olimlar o`z ma`ruzalarida uni tilga olishlari kerak. Maqolaga havola berilishi uning ilmiy hamjamiyat uchun haqiqatda muhim ekanini bildiradi. «Xirsh indeksi» esa olimlarning ilmiy faoliyati natijadorligini hisoblash ko`rsatkichidir. Mazkur indeks olim, ilmiy tashkilot yoki mamlakatning nashr etilgan maqolalari va unga ko`rsatilgan iqtiboslar soniga asoslanadi. Indeksni hisoblashda tadqiqotchining ilmiy maqolalarini har bir maqola bo`yicha iqtiboslarga taqsimlash asosida hisoblanadi.
Mazkur tantanali tadbir doirasida, shuningdek, yosh olima ayollar Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan sertifikat va sovg`alar bilan taqdirlandilar. Oliy ta`lim muassasalaridagi ilmiy ishlar va innovasiyalar bo`yicha ayol prorektorlariga ham bayram munosabati bilan esdalik sovg`alari topshirildi. Bundan tashqari, yosh iqtidor egalariga Yoshlar akademiyasining a`zolik sertifikatlari berildi.






