“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali ma`lum qildi.
Qarorga ko`ra, 2021 yil 1 aprelgacha quyidagilar ishlab chiqilib, joriy etiladi
➖ har bir mahallaning ID identifikasiya raqami va hududiy chegarasi ko`rsatilgan yagona elektron ma`lumotlar bazasi;
➖ ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ota-onalar hamda vasiylikka va homiylikka olingan bolalar va oilaga tarbiyaga berilgan (patronat) bolalar bo`yicha elektron ma`lumotlar bazasi;
➖ davlat va nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar bo`yicha tegishli ma`lumotlarni o`z ichiga oladigan yagona elektron axborot tizimi;
fuqarolarning avtotransport vositalari sozligi yoki nosozligi bo`yicha elektron ma`lumotlar bazasi.
2021 yil 1 apreldan:
● Davlat xizmatlari agentligining “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga vasiylikka va homiylikka olingan bolalar to`g`risidagi ma`lumotlar idoralararo elektron ma`lumotlar almashinuvi orqali taqdim etiladi;
● davlat va nodavlat umumta`lim tashkilotlariga o`quvchini o`qishga qabul qilishdan boshlab bitirgunga qadar, shuningdek O`zbekistondagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta`lim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, akademik liseylarning talaba(o`quvchi)larini o`qishga qabul qilishdan boshlab bitirgunga qadar ushbu ta`lim tashkilotlarining tegishli buyruqlari va boshqa hujjatlar faqat yagona elektron ma`lumotlar bazasida shakllantiriladi va rasmiylashtiriladi.
Qaror bilan shuningdek, Kam ta`minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra, oilani kam ta`minlangan deb e`tirof etish hamda ularga bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam hamda kompensasiya tayinlash va to`lash to`g`risidagi qarorlar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining “Yagona reestr” ATda shakllantiriladi va qabul qilinadi.






