Ayni daqiqalarda poytaxtdagi «Kongress-хoll»da 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo`lib o`tyapti. Unda davlat rahbari Shavkat Mirziyoev ishtirok etmoqda.
Prezident o`z nutqini ayollarni tabriklashdan boshladi va shunday dedi:
«Hamma harakatlarimizda ayollarimiz, muqaddas onalarimizni rozi qilish yotadi. Mana shunday paytda, siz azizlarning sha`ningizga madhiyalar aytish uchun odam shoir bo`lib tug`ilmaganiga afsuslanib qoladi. Sizlar biz uchun avvalo muqaddas ona, aziz vatan, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-g`ayrat manbaidirsiz. Bu azaliy haqiqatni, murakkab pandemiya sharoitida, ayniqsa, chuqur his etmoqdamiz.
Sizlarning barcha sohalardagi fidokorona mehnatingiz hisobidan mamlakatimizning qudrati va salohiyati, xalqaro obro`-e`tibori tobora ortib bormoqda.
Bugun barcha sohalarda marrani juda katta olyapmiz, ulkan dasturlar, reja va loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ular, birinchi navbatda, onalarimiz, opa-singillarimiz, aziz farzandlarimizning hayoti va mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan.
Fursatdan foydalanib, barchamizga doimo tog`dek tayanch bo`lib kelayotganingiz uchun sizlarga, butun O`zbekiston xotin-qizlariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Bugungi davramizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham chin dildan qutlayman. Mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik uchun ularga samimiy tashakkurimni izhor etaman», - dedi prezident.
Tadbir davom etmoqda.






