Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida bo`lib o`tayotgan tantanali tadbirda davlat rahbari yana bir muhim masalaga e`tibor qaratdi.
Qayd etilishicha, keyingi paytda oilaviy ajrimlarning oldini olish bo`yicha samarali ishlar olib borilmoqda.
"Buni ajralish yoqasiga kelib qolgan, 23 mingga yaqin oila yarashtirilgani, ajrimlar soni 3 mingdan ziyodga kamaygani ham ko`rsatib turibdi. Lekin bir achchiq haqiqatni tan olishimiz kerak. Bu raqamlar hamon yuqori bo`lib qolmoqda. O`tgan yili 28 mingdan ziyod oila ajralib ketgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Albatta, barchamizning istagimiz, tilagimiz bitta: qani edi, yurtimizda ajrim degan noxush holatning o`zi bo`lmasa...
Oilalar parokanda, bolalar tirik etim bo`lib, sarson-sargardon bo`lmasa...
Men bir fikrni qayta-qayta aytishdan charchamayman.
Oila – bu mehr va baxt qo`rg`oni.
Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne`mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma`naviyat bor.
Oilaviy baxt bu – eng ulug` saodatdir.
Mashhur qo`shiqlardan birida aytilganidek, “Uyida baxti borlar – har erda baxtiyordir”.
Men aziz yigit-qizlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: turmush qurishga, oilaga, farzand taqdiriga nihoyatda chuqur mas`uliyat bilan qarang.
Bu masalaga yuzaki yondashib, ham o`zingiz, ham o`zga bir inson hayotini xavf ostiga qo`ymang.
Men bu borada ko`pni ko`rgan mahalla faollari, muhtaram kayvonilar, ma`naviyatimiz va dinimiz fidoyilari, o`z tengdoshlariga ibrat bo`lib kelayotgan yoshlarimiz, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladilar, deb ishonaman", - dedi prezident.






