Bu haqda Prezident tomonidan imzolangan «Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta`minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorda belgilab qo`yildi.
Shuningdek:
Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg`armasi har yili AT «Xalq banki»ga 100 milliard so`m miqdoridagi mablag`larni 2021 yilda Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada, 2022 yildan boshlab esa Markaziy bank asosiy stavkasida yo`naltiradi;
quyidagi dasturlarni muvaffaqiyatli o`zlashtirgan xotin-qizlarga mazkur mablag`lar hisobidan tuman (shahar) mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi boshlig`ining birinchi o`rinbosari tavsiyasiga ko`ra, tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yish uchun 3 yilgacha muddat va 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasida bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha bo`lgan miqdorda kreditlar ajratiladi:
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ma`qullangan dasturlar asosida tashkil etilgan o`quv kurslarini;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «Ishga marhamat» monomarkazlari, kasb-hunarga o`qitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o`qitish maskanlari hamda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat ta`lim muassasalarining kasbga o`rgatish o`quv kurslari maxsus o`qitish dasturlarini;
ajratiladigan kreditlar, istisno tariqasida, 2022 yil 1 yanvarga qadar Markaziy bank asosiy stavkasi doirasida, 2022 yil 1 yanvardan tijorat banki tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda belgilanadigan stavkalarda beriladi. Bunda, tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda belgilanadigan stavkalarda beriladigan kreditlar bo`yicha foiz xarajatlari bir qismini kompensasiya qilish mexanizmi qo`llaniladi;
Xotin-qizlar va oilani qo`llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg`armasi orqali Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Obod va xavfsiz mahalla» jamg`armasiga va «Mahalla va oila» institutiga Davlat byudjetidan ajratib kelingan mablag`lar 2021 yildan boshlab Moliya vazirligi tomonidan to`g`ridan to`g`ri «Obod va xavfsiz mahalla» jamg`armasiga va «Mahalla va oila» institutiga ajratiladi.
Moliya vazirligi:
2021 yilda «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta`minlash maqsadida, ularga ipoteka kreditlari bo`yicha boshlang`ich badalni to`lab berish va ijtimoiy uy-joylar sotib olish uchun Qoraqalpog`iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga:
- noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy-joy bilan ta`minlashga — 10 milliard so`mdan;
- otasidan ayrilgan, yolg`iz onasi qaramog`ida bo`lgan voyaga etgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta`minlashga — 5 milliard so`mdan mablag` ajratadi;
- bir hafta muddatda ayollar muammolarini tizimli va manzilli ravishda o`rganish va hal etish doirasida shakllantirilgan maxsus jarrohlik amaliyotlari o`tkazish orqali davolanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar ro`yxatidagi hamda «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan xotin-qizlar davolanishi uchun Jamg`armaga 30 milliard so`m yo`naltiradi.






