Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov O`zbekistonda ayollar ta`limiga va ularning jamiyatdagi o`rni bilan bog`liq ayrim mulohazalarini bildirdi.
"Mamlakatimiz rivojlanishini istasak, jamiyatimizning yarmisiga ham o`qish va o`sishiga sharoitlar yaratishimiz muhim.
Xalq ta`limi sohasi respublikada eng ko`p ayollar ishlaydigan soha bo`lishiga qaramay, aynan soha rahbarlari orasida ayollar ulushi etarli emas edi. Ikki yil avval xalq ta`limidagi bironta ham viloyat rahbari (hududning vaziri!) ayol kishi bo`lmagan bo`lsa, hozir ularning soni 5 nafarga etdi. Umuman olganda, tuman bo`linmalari, maktab direktorlari va o`rinbosarlarini ham hisobga olsak, sohamizda faoliyat yuritayotgan ayol rahbarlar soni 15 mingdan ortdi.
Albatta, bu Prezidentimiz tomonidan ta`lim sohasi rahbarlari endi avvalgidek paxta, obodonlashtirish va h.k. kabi tashkiliy masalalarga emas, balki asosan ta`lim sifatiga mas`ul ekanligini aniq belgilab berilgani uchun, bemalol ayollarni ham meritokratiya tamoyillari asosida rahbarlik lavozimlariga ko`tarish mumkin bo`layapti.
Shuningdek, hududlardagi maktablarda yurganimizda, juda ko`p a`lochi qizlarimizning maktab bitirganidan keyin oliy ta`limga hatto hujjatini topshirmaganini ko`rib hayron qolamiz. Sabab sifatida esa ota-onasi o`qitmasdan uzatib yuborish niyatida bo`lganligini aytishadi. Respublikamizning Namangan, Marg`ilon va Qo`qon kabi shaharlarida bu qandaydir stereotiplarga bog`liq bo`lsa, boshqa ko`pchilik hududlarda kontrakt pulini to`lashdagi qiyinchiliklarga bog`liq bo`lib qolyapti. Shu sababli, Davlatimiz Rahbari tomonidan avvalgi yildan buyon ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarimizga qo`shimcha grantlar ajratish tashabbusi boshlangan edi, bu yilga qizlar uchun har bir oliy ta`lim muassasasiga va hokimiyatga yana qo`shimcha ravishda grant ajratish bo`yicha vazifa yuklandi.
Yaxshi o`qib, bilim olgan ayol kelgusida ishlamay, uy bekasi bo`lgan taqdirda ham, farzandlariga yaxshiroq ta`lim-tarbiya bera oladi. Ayniqsa, hozirgi AKT rivojlanishi davrida uydan turib dasturlash, dizaynerlik, onlayn repetitorlik, kitob yozish, SMM kabi qator qo`shimcha daromad topish imkoniyatlari kun sayin ortib bormoqda. Bu esa, kelgusida qizlarimiz hayotida o`z o`rnini topishiga, hamda har qanday holatda ham qiyinchilik va tushkunlikka tushib qolmasliklariga yordam beradi. Aslida esa, oilaviy zo`ravonlikka chidab yurilishining asosiy sabablaridan biri ham qizlarimizning o`qimagani yoki hech qanday hunarga ega bo`lmaganligidan...
Kelgusida qizlarimizni baxtli bo`lishini xohlasak, ularni o`qishiga albatta imkoniyat yaratishga harakat qilishimiz zarur. Yuqorida sanab o`tilgan kasb va ko`nikmalarning aksariyati uchun oliy ta`limni zarurati ham yo`q. Ularning ko`pchiligini internet orqali bepul o`rganish imkoniyatlari mavjud.
Bayramingiz muborak bo`lsin!" - deya, ayollarni tabrikladi vazir.