Shveysariyadagi yirik sayyohlik nashrlardan biri - «Imagine Magazin» jurnalida O`zbekiston tarixiy shaharlari va qadimiy obidalariga bag`ishlangan «O`zbekiston – Buyuk ipak yo`lidagi orzular makoni» (Usbekistan – Die Traumdestination an der Seidenstraße) sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Jurnalist Urs Xubsher qalamiga mansub va rang-barang fotosuratlar bilan bezatilgan mazkur maqolada aksariyat evropalik sayyohlar uchun ko`p qirralari ochilmagan O`zbekiston, unda Sharq va G`arb madaniyatlarining mujassamligi xorijliklar qiziqishini o`ziga jalb etishi bayon etilgan.
«O`zbekiston – turli xil madaniyatlar kesishgan va yangicha sayohatdan gasht olishga ishtiyoqmand turistlar uchun jozibador yurt», - deb ta`kidlangan maqolada.
O`z navbatida, maqolada sharqona an`analar, betakror tabiat va boy madaniyatga ega O`zbekistonga sayohat qilish uchun viza lozim emasligi, hozirgi pandemiya sharoitida esa koronavirusga test topshirgan holda yurtimizga tashrif buyurish mumkinligi bo`yicha ma`lumot berilgan.
«O`zbekiston asrlar davomida sayyohlar uchun qiziqarli makon bo`lib kelmoqda. Iqlimiy o`ziga xosligini inobatga olib, mazkur diyorga sayohat qilish uchun eng qulay davr mart oyidan may oyining oxirigacha yoki sentyabrdan noyabr oyining o`rtasigacha ekanini aytish kerak. O`z navbatida, joriy yilning 4 martidan boshlab Frankfurt-Mayndan Toshkentga to`g`ridan-to`g`ri parvozlar qayta tiklandi”, - deb yozadi muallif.
Maqolada, shuningdek, yurtimiz, uning tarixiy ahamiyati, qadimiy shaharlari va madaniy obidalarining Buyuk ipak yo`lidagi «favqulodda kontrastga boy xazina» ekani ta`kidlanib, YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlarning e`tirofi va doimiy diqqatiga sazovorligi eslatib o`tilgan.
Nashrda Samarqand shahri, uning betakror tarixiy yodgorliklari, Registon ansambliga alohida e`tibor qaratilgan. «Registon maydoni o`zida uchta katta madrasani birlashtirgan hamda Markaziy Osiyoning eng go`zal va mahobatli me`moriy ansamblidir», deb qayd etiladi materialda.
Germaniyalik jurnalist, shuningdek, O`zbekistondagi sayyohlik yo`nalishlari haqida ham ma`lumotlar berib, tarixiy shaharlar bilan tanishishdan tashqari qishki sport yoki ekstrimal turizm uchun ham keng imkoniyatlar yaratilganligi, o`zbek oshxonasining ajoyibligi to`g`risida ma`lumotlar taqdim etadi.
«Dengiz sathidan 2000 metr balandlikda joylashgan zamonaviy tog`-chang`i maskanlari nafaqat professional sportchilarga, balki havaskorlar uchun ham keng imkoniyatlar taqdim etadi... O`zbek oshxonasi turli takrorlanmas ta`m bilan har qanday xorijlikni lol qoldirishi aniq. Buning isboti sifatida ushbu diyorning ovqatlari va mehmondo`stligi doimo tan olinishini ko`rsatish mumkin», deydi «Imagine Magazin» jurnali.
O`zbekistonliklar o`zlarining tarix bilan mujassamlashgan zamonaviy an`analaridan faxrlanishi, yurtimizda xorijlik sayyohlar uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilganligi, yildan yilga sayyohlar soni ortib borayotgani ta`kidlangan.
«Sharq va G`arb o`rtasida ko`prik sifatida so`nggi yillarda O`zbekistonga tashrif buyuruvchilar soni keskin oshdi. 2012 yilda mamlakatga 2 millionga yaqin xorijlik sayyoh kelgan bo`lsa 2019 yil yakunida ushbu raqam 6,7 million kishini tashkil etdi», - deb xulosa qiladi Urs Xubsher.






