AsosiySport

"Turkish Open-2021": musobaqaning so`nggi kunida O`zbekiston terma jamoasi a`zolari bitta oltin va uchta bronza medalini qo`lga kiritdi(foto)

'"Turkish Open-2021": musobaqaning so`nggi kunida O`zbekiston terma jamoasi a`zolari bitta oltin va uchta bronza medalini qo`lga kiritdi(foto)'ning rasmi

Turkiyada o`tkazilgan an`anaviy "Turkish Open" xalqaro turniri o`z poyoniga etdi. Musobaqaning so`nggi kuni vakillarimiz uchun omadli keldi, sportchilarimiz bitta oltin va uchta bronza medaliga ega chiqishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.

Dastlab qizlar o`rtasida -49 kg vazn toifasida hamyurtimiz Madinabonu Mannopova yarim finalga qadar etib keldi va final ostonasida ispaniyalik Adriana Serezo Iglesiasga so`nggi soniyalarda imkoniyatni boy berib, musobaqaning bronza medalini qo`lga kiritdi.

-46 kg vazn toifasida yana bir sportchimiz Shohsanam A`zamova ham yarim finalga qadar etib keldi va turkiyalik Amine Gogebakanga imkoniyatni boy berib qo`ydi. Shunday qilib Shohsanam ham bronza medaliga sazovor bo`ldi.

Qizlarimizning g`alabalarini yigitlar ham davom ettirishdi. -80kg vazn toifasida dayanga chiqqan o`zbekistonlik Shuhrat Salaev o`z yurishini yarim finalda to`xtatdi va bronza medaliga ega chiqdi.

Nihoyat musobaqadagi so`nggi vakilimiz, -80kg vazn toifasida jang qilgan yana bir hamyurtimiz Nikita Rafalovich barcha raqiblarini mag`lub etgan holda oltin medalga sazovor bo`ldi. U finalda marokashlik Ashraf Mahbubini 13:11 hisobida mag`lub etdi.

Shu tariqa "Turkish Open-2021" musobaqasida O`zbekiston terma jamoasining 17 nafar a`zosi jami 8ta medalni qo`lga kiritdi.

Ulug`bek Rashitov, Nigora Tursunqulova hamda Nikita Rafalovich oltin medallarga ega chiqishgan bo`lsa, Charos Qayumova, Shohruh Rajabov, Madinabonu Mannopova, Shohsanam A`zamova va Shuhrat Salaev bronza medallarini qo`lga kiritishdi.

Bu ko`rsatkich orqali milliy terma jamoamiz norasmiy umumjamoa hisobida faxrli 3-o`rinni qo`lga kiritishdi. Biz ushbu muvaffaqiyatlar bilan vakillarimizni tabriklaymiz va g`alabali odimlar bardavom bo`lishini tilaymiz.

    Boshqa yangiliklar