Barchamizga ma`lumki so`ngi yillarda barcha sohada bo`lgani kabi sport sohasida ham bir qator o`zgarishlar va ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb qilish, ular orasida sog`lom turmush tarzini keng targ`ib qilish bo`yicha ko`plab sport musobaqalari va sport tadbirlari o`tkazib kelinmoqda. Hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar esa bu yo`lda dasturi amal bo`lib xizmat qilmoqda. Bu haqda jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar bermoqda.
Barcha hududlarda bo`lgani kabi Toshkent viloyatida ham sport musobaqalari va tadbirlari doimiy o`tkazib kelinadi. Shunday sport musobaqalaridan biri joriy yilning 13-14 mart kunlari qilichbozlik bo`yicha viloyat chempionati bo`lib o`tdi.
Bu galgi musobaqa avvalgilaridan farqli o`laroq qilichbozlik va paraqilichbozlik turi bo`yicha sablya va shpaga yo`nalishida o`tkazildi. E`tiborli jihati nafaqat Toshkent viloyati balki, respublikamiz bo`ylab ham paraqilichbozlik bo`yicha musobaqa tashkil etilmagan.
Musobaqada viloyatdagi mavjud Bolalar-o`smirlar sport maktabi, Ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktabi, Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji hamda alohida bo`limlarda mashg`ulot olib borayotgan 100 dan ortiq sportchilar ikki kun davomida bahs olib borishdi.
Chempionat yakuniga ko`ra, g`olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan ta`sis etilgan diplom, medal va esdalik sovg`alari bilan taqdirlanishdi.