14 mart kuni O`zbekiston Superligasining 2-turidan o`rin olgan «So`g`diyona» — «Turon» uchrashuvida yuzaga kelgan holatlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo`lgan edi. «Turon» jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o`yindan keyin aynan hakamlik hamda futboldagi korrupsiya haqida gapirib, ularni kim nazorat qilishini, qachon bunday holatlarga nuqta qo`yilishi haqida so`ragan edi.
Mutaxassislar «So`g`diyona» — «Turon» uchrashuvi video-lavhasini qayta ko`rib, vaziyatlarni sinchkovlik bilan o`rganib chiqdi. Tahlil natijasida, bosh hakam Viktor Serazitdinov uchrashuvning 29-daqiqasida «So`g`diyona» darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgilamaganligi aniqlandi. Shuningdek, bosh hakam 52-daqiqada «Turon» futbolchisi o`z jarima maydonida to`pni qo`li bilan o`ynadi deya baholab, penalti belgilagan vaziyat xato ekanligi Qo`mita vakillari tomonidan qayd etildi.
O`FA Hakamlik qo`mitasining yakuniy qaroriga muvofiq, qo`pol xatolarga yo`l qo`yganligi hamda ushbu xatolar o`yin natijasiga ta`sir o`tkazganligi sababli Viktor Serazitdinovning mazkur uchrashuvdagi faoliyati qoniqarsiz deb baholandi va hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi.
Shuningdek, O`FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holat bo`yicha tegishli ma`lumotlar, mazkur futbol uchrashuvi qaydnomasi va inspektor hisoboti, videomateriallarni o`rganib chiqish ishlari boshlandi. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O`FA Etika qo`mitasi tegishli tartibda ko`rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.