2021 yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta`minlanadi. Bu haqda bugun, 23 mart kuni AOKAda Qurilish vazirligi boshqarma boshlig`i Sherzod Sodiqov ishtirokida o`tkazilgan brifingda aytildi.
Brifingda “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta`minlashga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident Farmonida belgilangan vazifalar yuzasidan ma`lumotlar berildi.
Farmonga ko`ra:
- davlat dasturi asosida 45 ming xonadonli uylar;
- yangi tartib asosida shaharlarda 17 354 ta;
- qishloq joylarda 9 260ta;
- 6 500 ta yakka tartibdagi uylar quriladi.
Ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy turar joy bilan ta`minlash uchun qishloqlarda 8 336ta — “Qishloq qurilish invest”, shaharlarda 3 550ta “O`zshahar qurilish invest” ishtirokida quriladi.
Hokimliklar o`tgan davrlarda qurilgan massivlar yoki ko`p qavatli turarjoy komplekslar hududlardagi bo`sh er maydonlarini xatlovdan o`tkazadi va uy-joylar quriladigan er uchastkalarining manzilli ro`yxatini shakllantiradi.
Farmon talablariga ko`ra, hududda ijtimoiy-iqtisodiy va bozor infratuzilma ob`ektlari (maktab, tibbiyot va maktabgacha ta`lim muassasalari, ishlab chiqarish ob`ektlari va hokazo) mavjudligi va muhandislik tarmoqlari (ichimlik suv ta`minoti, elektr tarmoqlari, gaz ta`minoti, oqava suv va aloqa tarmoqlari) bilan ta`minlanganligiga alohida e`tibor qaratish lozim.
Tijorat banklari, tadbirkorlik sub`ektlari Injiniring kompaniyalari bilan “texnik buyurtmachi funksiyasi”ni (texnik, mualliflik, qurilish sohasidagi nazoratlarini o`rnatish va o`zaro hisob-kitoblar) amalga oshirish bo`yicha shartnoma tuzadi.
Ko`p kvartirali uy-joylar qishloq joylarda 5 va undan yuqori qavatli, shaharlarda 9 va undan yuqori qavatli, monolit temir-beton va yirik panelli konstruksiyalar hamda boshqa qurilish materiallari asosida, shuningdek, shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ikkinchi darajadan past bo`lmagan issiqlik himoyasi bilan ta`minlangan holda massiv shaklida quriladi.