AsosiyJamiyat

Toshkentda shifokor ayol bemorning onasi tomonidan kaltaklandi

'Toshkentda shifokor ayol bemorning onasi tomonidan kaltaklandi'ning rasmi

Shu yilning 24 mart kuni kechki payt soat 23:15 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo`limiga poytaxtning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N. onasi hamrohligida tekshiruvga olib kelinadi.  

Bemorning onasi toksikolog xonasida o`z xizmat faoliyatini o`tayotgan navbatchi shifokor N.Tashpo`latovaga o`g`li bir necha kundan beri spirtli ichimlik ichayotganligini bildirgan.  

Navbatchi shifokor o`sha vaqtda boshqa bemorni tibbiy ko`rikdan o`tkazayotganligini va bundan so`ng ularni ham qabul qilib, kerakli yordam ko`rsatishga tayyorligini bildirgan.  

Shunga qaramay, bemorning onasi tibbiyot xodimlariga nisbatan turli  haqoratli va tuhmat so`zlar bilan  e`tiroz bildirishni boshlagan. Bu ham etmagandek bemor U.N. to`satdan shifokor N.Tashpo`latovaga og`ir tan jarohati etkazgan.  

— Shifokor N.Toshpulatovada bosh miya shishi asorati kuzatilib, “Ko`shma kraniofasial jarohat. Og`ir darajadagi bosh miya  yopiq jarohati. Bosh miya og`ir darajada lat eyishi. Subaraxnoidal qon quyulishi. Burun suyaklari va burun to`sig`i sinib siljishi. Ensa va burun sohalarni yumshoq to`qimalarining lat eyishi. Nazogemorreya” tashxisi bilan  neyroreanimasiya bo`limiga yotqizildi, — deydi ushbu markaz direktori Doniyor Alimov. — Ayni paytda u kuchli karaxtlik darajasida bo`lib, og`ir ahvolda davolanmoqda. Bemor atrofdagilarga sekin reaksiya berib,  muloqotga kirishishga qiynalmoqda.

Ma`lum qilinishicha, xizmat vazifasi vaqtida bemor tomonidan nohaq kaltaklangan shifokor N.Tashpulatova 2017 yildan buyon shifokor-toksikolog lavozimida ishlab kelmoqda, o`z xizmat vazifasini klinik protokollarga rioya qilib, talab darajasida bajarib kelgan.    

" – Oxirgi paytlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan  tajovuz qilish, shifokorlarning sog`lig`iga og`ir ziyon etkazish, tahqirlash holatlari yana uchrab turgani barchamizni tashvishga solmoqda. Pandemiya avj nuqtaga kirgan eng og`ir davrlarda ham, hozir ham shifokorlarning xalqimiz salomatligi yo`lida fidoyilik bilan qilgan mehnatlariga barcha guvoh bo`lib turibdi. Shifokor hech qachon, hech kimga yomonlikni ravo ko`rmaydi, aksincha, huzuriga shifo istab kelgan har bir bemorga bor kuch-salohiyati, bilimini ishga solib beg`araz ko`mak beradi.  

Sog`liqni saqlash vazirligi huquq-tartibot organlaridan  jamiyatimizda ko`pchilikni o`ylantirayotgan bunday illatlarga qarshi kurashning ta`sirchan va samarali usullarini joriy etib, shifokorlarning haq-huquqlarini qat`iy himoya qilishlarini talab qiladi", – deyiladi SSV xabarida.

 

    Boshqa yangiliklar