AsosiyJamiyat

Jismoniy tarbiya fani o`qituvchilari malaka toifasini olish uchun test topshirmaydi

'Jismoniy tarbiya fani o`qituvchilari malaka toifasini olish uchun test topshirmaydi'ning rasmi

Bu haqda Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati xabar berdi.  

Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar pedagog kadrlari uchun malaka (test) sinovlari o`tkazish jadvali e`lon qilingach, ayrim o`qituvchilar nima uchun jismoniy tarbiya fani ro`yxatda yo`qligini so`rab murojaat qilishmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi 106-son qarori bilan yuqori mehnat samaradorligiga erishayotgan jismoniy tarbiya fani o`qituvchilarini munosib rag`batlantirishni tashkil etish maqsadida bir qator qarorlarga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilgan (https://lex.uz/docs/4742968).

Jumladan, Maktabgacha, umumiy o`rta, o`rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta`lim muassasalari pedagog kadrlarini attestasiyadan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizomga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, ta`lim muassasalarining quyidagi jismoniy tarbiya fani o`qituvchilariga malaka toifasi (lavozim) to`g`ridan-to`g`ri (attestasiyadan o`tkazilmasdan) beriladi:

  • tuman (shahar) miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o`rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – ikkinchi malaka toifasi (katta o`qituvchi lavozimi);
  • viloyat miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o`rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – birinchi malaka toifasi (etakchi o`qituvchi lavozimi);  
  •  xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalarining 1, 2 va 3-o`rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – oliy malaka toifasi (bosh o`qituvchi lavozimi).

Shuningdek, ushbu qarorda jismoniy tarbiya fani o`qituvchilari uchun malaka sinovlari (test sinovlari) o`rniga nazariy va amaliy sinovlarini o`tkazish belgilangan.  

Pedagog kadrlarning attestasiya natijalarini baholash mezonlariga ko`ra nazariy sinov 4 ta savoldan iborat bo`ladi, har bir savolga berilgan javobdan kelib chiqib baholanadi –– nazariy sinov 40 ballgacha (har bir savol uchun 10 ball);

amaliy sinov 4 ta jismoniy mashqdan (100 metrga yugurish, joyidan turib uzunlikka sakrash, turnikda tortilish (erkaklar uchun), gimnastika o`rindig`iga tayanib, qo`llarni bukish va yoyish (ayollar uchun), yotgan holda qo`llarni bosh orqasiga qo`yib gavdani ko`tarish) kabilardan iborat bo`ladi.  

Har bir topshiriqning belgilangan vaqtda, to`liq, to`g`ri va sifatli bajarilganligi mazkur baholash mezonlarining ilovasiga muvofiq Davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari, umumiy o`rta, o`rta maxsus, boshlang`ich professional, o`rta professional, o`rta maxsus professional va maktabdan tashqari davlat ta`lim muassasalarining jismoniy tarbiya fani o`qituvchilari uchun amaliy sinovlar normativlari asosida baholanadi – amaliy sinov 60 ballgacha (har bir mashq uchun 15 ball) baholanadi.

❗️Malaka toifalariga talabgor pedagoglar uchun malaka (test)  sinov jarayonlari bilan bog`liq foydali axborotlar bilan Ta`lim inspeksiyasining telegramdagi rasmiy kanali (@uztdi) orqali tanishib borishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar