Qo`shni mamlakatda tarqalayotgan o`tkir yuqumli virus O`zbekistonga ham kirib kelishi mumkinmi? Mamlakatimizda buning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo`lim mudiri Dilorom TURSUNOVA javob berdi.
— Poliomielitga qarshi vaksina qilish O`zbekistonda qachon boshlangan? Emlash tartibi qanday?
— Mamlakatimizda milliy emlash kalendariga 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar kiritilgan bo`lib, poliomielit ham shulardan biri hisoblanadi.
Ayni paytda yurtimizda poliomielitga qarshi aralash immunizasiya, ya`ni tomchi orqali hamda in`eksion usulda amalga oshiriladi. Vaksina besh marta: bolalarning 2, 3, 4, 16 oyligida va etti yoshida qo`llaniladi. Bolalar 4 oyligida ham tomchi orqali, ham in`eksion tarzda emlanadi.
Poliomielitga qarshi aholi vakillari 5 marta emlanishi hamda vaksinasiyada aralash usuldan foydalanishilishi xavfsizlikni yanada oshiradi.
— Poliomielit kasalligi bizga kirib kelmasligi uchun qanday ehtiyot choralari ko`rilayapti?
— O`zbekistonda bu kasallik tarqalishini oldini olish uchun doimiy ravishda monitoring olib boriladi. Shuningdek, qo`shni davlat bilan chegara hududlardan kirib kelayotgan fuqarolarda poliomielit kasalligi alomatlari borligini aniqlash chora-tadbirlari to`liq ko`rilgan.
Ayni paytda Jahon sog`liqni saqlash tashkilotiga mutasaddilarimiz tomonidan O`zbekistondagi barqaror vaziyatni monitoring qilish hamda poliomielit kasalligini oldini olishda hamkorlikda amaliy ishlar olib borish bo`yicha taklif kiritildi.
Shuningdek, poliomielit kasalligi bilan simptomlari bir xil bo`lgan o`tkir bo`shashgan shol kasalligiga chalingan bemorlar qayta laborator tahlillardan o`tkazilmoqda.






