AsosiyJamiyat

1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub`ektlariga haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon o`tkazish huquqi beriladi

'1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub`ektlariga haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon o`tkazish huquqi beriladi'ning rasmi

1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub`ektlariga haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish huquqi beriladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi ma`lum qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4913-son Qaroriga ko`ra, milliy haydovchilik guvohnomasini berish sohasida 2021 yil 1 apreldan boshlab avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish faoliyati uchun lisenziyaga ega tadbirkorlik sub`ektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish huquqi beriladi. Bunda:

- haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo`yiladigan davlat talablarida, shu jumladan tadbirkorlik sub`ektlari uchun zamonaviy avtodromlarni tashkil etish va ularni avtomatlashtirilgan maxsus transport vositalari bilan jihozlash bo`yicha qo`shimcha majburiyatlar nazarda tutiladi;

- haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish va baholash inson omilisiz, to`liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi;

- haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida o`tkaziladi;

- haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlarni o`tkazish bo`yicha xizmatlar uchun to`lovlar miqdori tadbirkorlik sub`ekti tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablag`lar to`liq hajmda uning tasarrufida qoladi;

-nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun asos bo`ladigan maxsus himoyalangan sertifikatlar beriladi;

- maxsus himoyalangan sertifikatlarning barcha zarur rekvizitlari tadbirkorlik sub`ekti tomonidan davlat xizmatlari markazlari va ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan holda taqdim etiladi.

    Boshqa yangiliklar