O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida davom ettirdilar.
Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitiga qaramay Vengriyadan shunday katta delegasiya kelgani o`zaro do`stlik va hurmat mustahkam ekanidan dalolat berishini ta`kidladi.
O`zbek va vengr xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari birlashtirib keladi. Bugungi kunda esa Vengriya O`zbekistonning Evropadagi muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasida bu sheriklik yildan yilga mustahkamlanib bormoqda.
So`nggi to`rt yilda ikki mamlakat o`rtasidagi o`zaro savdo aylanmasi hajmi salkam uch barobarga o`sgan. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, o`tgan yili ham bu ijobiy dinamika saqlab qolingan.
Ishbilarmonlar va hududlar o`rtasida yaqin aloqalar yo`lga qo`yilgani bunda muhim omil bo`lmoqda. Xususan, shu yil fevral oyida Budapeshtda iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishi va biznes-forum o`tkazilgan edi. Kecha Toshkentda ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo`lib o`tdi.
Muzokarada ikki tomonlama hamkorlik bobida hali ishga solinmagan juda katta imkoniyatlar borligi ta`kidlandi. Shu bois asosiy e`tibor savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va moliyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlashni ko`paytirish, savdo hajmi muvozanatini tenglashtirish, zarur mahsulotlarni o`zaro etkazib berishni ko`paytirish muhimligini ta`kidladi.
Bu borada Budapeshtda tashkil etilayotgan O`zbekiston-Vengriya savdo uyi imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.
Sanoat kooperasiyasi – hamkorlikning yana bir ustuvor yo`nalishidir. Vengriyaning ilg`or tajribasi asosida O`zbekistonda oziq-ovqat sanoati, farmasevtika, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Hududlar o`rtasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda. Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizasiya qilish, jumladan, qishloq xo`jaligini sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini tatbiq etish mo`ljallanmoqda. Shu maqsadda Vengriyadan yuqori malakali ekspertlar guruhi O`zbekistonga keldi.
Davlatimiz rahbari ikki mamlakat hududlari o`rtasida sheriklik aloqalarini o`rnatish, har yili Mintaqalar forumini o`tkazish taklifini bildirdi.
Vengriya qishloq xo`jaligi, mevalarni saqlash va qayta ishlash, baliqchilik hamda urug`chilik sohalaridagi ilg`or tajriba va texnologiyalar bilan almashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham katta e`tibor qaratildi.
Mamlakatlarimiz sog`liqni saqlash, ilm-fan va ta`lim bo`yicha tajriba almashib kelmoqda. Joriy o`quv yilida o`zbekistonlik talabalar uchun Vengriyadagi oliy o`quv yurtlarida 100 dan ortiq grant ajratilgan. Joriy yilda Toshkentda Debresen universiteti ish boshlaydi.
Bu sohalardagi ishlarni izchil davom ettirish, ilm-fan va madaniyat muassasalari o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga kelishib olindi.
Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida ham bir-birini qo`llab-quvvatlab kelmoqda.
Mutasaddilarga muzokaralarda erishilgan kelishuvlar ijrosini to`liq ta`minlash uchun “yo`l xaritasi” ishlab chiqish bo`yicha ko`rsatma berildi.






