Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi orqali tashkillashtirilgan holda Rossiya Federasiyasiga ishga jalb qilingan fuqarolar va ish beruvchi tashkilotlar o`rtasida mehnat shartnomasi talablariga rioya qilinmayotgani, ulardan ayrimlari qiyin vaziyatlarga tushib qolgani haqida oxirgi vaqtlarda turli ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida qator materiallar e`lon qilinmoqda.
Mazkur xabarlarga Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
"Pandemiya davrida xorijda ishlash istagida bo`lgan yurtdoshlarimizning bandligini ta`minlash maqsadida Rossiyaning yirik ish beruvchilari va tegishli vakolatli tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilib, fuqarolarni ushbu davlatga ishga jalb qilish bo`yicha kelishuvlarga erishilgan edi.
Ushbu kelishuvlarga muvofiq, rossiyalik ish beruvchi tashkilotlar vakillari ishtirokida fuqarolar o`rtasida respublika bo`ylab tanlovlar tashkil etilgan. Ushbu tanlovlarda bevosita suhbat asosida ish beruvchilarning vakillari tomonidan fuqarolarning rus tilini bilishi va kasbiy malaka darajasi tekshirilgan hamda fuqarolar ish, yashash sharoitlari va ish haqi bilan bog`liq o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga ish beruvchilarning vakillaridan javob olgan.
Rossiya Federasiyasi Hukumatining 2020 yil 16 martdagi «Rossiya Federasiyasiga chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning kirishini vaqtincha cheklash va vizalar va taklifnomalarni berishni vaqtincha to`xtatib turish to`g`risida»gi farmoyishi bilan joriy etilgan qator cheklovlar inobatga olinib, ish beruvchi tashkilotlar tomonidan tanlovlardan muvaffaqiyatli o`tgan fuqarolarning ushbu davlatga kirishi uchun ruxsatnoma olish va transport bilan bog`liq tadbirlar amalga oshirilib, yurtdoshlarimiz navbatma-navbat charter reyslar orqali jo`nab ketgan.
Rossiyaga ishga jo`natilgan yurtdoshlarimiz va ularning ish beruvchilari, xususan, «PIK Industriya» va «Texstroy» kompaniyalari bilan O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi, Agentlikning Moskva shahridagi vakolatxonasi, O`zbekistonning Moskva shahridagi Bosh konsulxonasi doimiy aloqada bo`lib turibdi.
Shuningdek, ushbu ish beruvchilar va fuqarolar o`rtasida yuzaga kelayotgan ayrim muammolarni batafsil o`rganish, ularni hal etish choralarini ko`rish maqsadida Ishchi guruh tashkil etilgan bo`lib, yaqin kunlarda ushbu Ishchi guruh Rossiyaga yuboriladi.
Shu bilan birga, fuqarolarning mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish, ish haqini tayinlash va to`lash shartlari, ularga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish bo`yicha batafsil ma`lumotlar berish borasida ishlar olib borilmoqda va tashkillashtirilgan holda ishga yuborish jarayonlariga o`zgartirishlar kiritilmoqda", - deyiladi e`lon qilingan rasmiy bayonotda.






