Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Hukumatning ayrim qarorlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, eksport qiluvchilarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shu bilan birga, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog`liq chet eldagi xarajatlari Davlat byudjetidan yoki qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalardan Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag`batlantirish agentligiga ajratiladigan subsidiyalar hisobidan kompensasiya qilinadi.
(Ilgari bu turdagi xarajatlar kompensasiya qilinmagan.)
O`zgartirishga ko`ra, endilikda Agentlik:
➖ ham respublikada, ham chet elda standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini joriy etish bo`yicha eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy ko`maklashadi, xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) ushbu yo`nalishlarda xarajatlarning tegishli qismini qoplash yo`li bilan ro`yxatdan o`tkazadi;
➖ ko`rgazma stendlarini tashkil etishda va xalqaro ko`rgazmalar-yarmarkalarda ishtirok etishda, taqdimotlar va reklama kampaniyalarini o`tkazishda, shu jumladan, an`anaviy milliy mahsulotlar va brendlar (tovar belgilari)ning potensial sotish bozorlariga kirishda eksport qiluvchilarni hamda mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarga yuborishda moliyaviy qo`llab-quvvatlaydi.
Eslatib o`tamiz, Prezidentning tegishli qaroriga (https://lex.uz/docs/5219216) muvofiq, 2021 yil 1 apreldan mahalliy eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog`liq chet eldagi xarajatlarining 50 foizi Agentlik mablag`lari hisobidan qoplab beriladi.






