Viloyat hokimi 2021 yil 29 martda “Shahar yo`lovchilar transportida yo`lovchi va bagaj tashish haqini to`lash tariflarini belgilash to`g`risida” qaror qabul qildi, deya xabar qildi Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati.
Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu hujjatga muvofiq, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida shahar transportida yo`lovchi va bagaj (qo`l yuki) tashishning yangi tariflari tasdiqlandi.
Unga ko`ra,
Yo`nalishli taksilarda (Damas):
Bir yo`lovchiga yo`l kira haqi 2000 (ikki ming) so`m;
Yo`nalishsiz taksilarda (maxsus tanish belgisiga ega transport vositasi, “sariq” taksi) 🚕
Shaharda buyurtma asosida yo`lovchi tashish haqi har bir kilometr uchun 1000 (bir ming) so`m (taksometr ko`rsatkichi bo`yicha hisoblanadi, taksometr bo`lmaganda, mobil elektron qurilmalar ham uning o`rnini bosishi mumkin);
Avtobuslarda:
Bir nafar yo`lovchi uchun yo`l chiptasi 1500 (bir yarim ming) so`m.
Shuningdek, yo`nalishli taksi va avtobuslarda hajmi 60 sm x 40 sm x 20 smdan 100 sm x 50 sm x 30 smgacha hamda uzunligi 150 smdan 200 smgacha bo`lgan buyumlarni, shuningdek, o`lchamidan qat`i nazar og`irligi 20 kgdan ortiq bo`lgan bagaj (qo`l yuki)ni 🧳 olib yurish uchun yo`l kiraga teng qiymatda qo`shimcha haq olinishi mumkin.
Hokim qarorida shahar yo`lovchi transportidan foydalanish tariflariga rioya etilishini ta`minlash viloyat transport boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu hujjat bilan viloyat hokimining 2020 yil 13 iyundagi HQ-533/06-sonli qarori o`z kuchini yo`qotdi.






