“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–679-son, 30.03.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi va Jinoyat kodeksga qo`shimcha kiritildi.
Unga ko`ra, O`zbekistonning qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan OAV, telekommunikasiya tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni ko`paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida da`vat qilish BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha (14 mln 700 ming so`mdan 19 mln 600 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, O`zbekiston Prezidentini telekommunikasiya tarmoqlari yoki Internet butunjahon axborot tarmog`idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`zbekiston Prezidentini internet butunjahon axborot tarmog`idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish jazolanadi.
(Ilgari Prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, mazkur jinoyatni matbuot yoki boshqa OAVdan foydalangan holda sodir etganlik uchun javobgarlik mavjud edi.)
Kodeksga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo`ravonlik qilishga omma oldida da`vat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.
Unga ko`ra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki OAV, telekommunikasiyalar tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni ko`paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo`lsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






