AsosiyJamiyat

Qozoq-O`zbek chegarasida yuzaga kelgan tirbandliklarga O`zbekistonning aloqasi yo`q — Oliy Majlis

'Qozoq-O`zbek chegarasida yuzaga kelgan tirbandliklarga O`zbekistonning aloqasi yo`q — Oliy Majlis'ning rasmi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tasarrufidagi “Daut-ota” chegara bojxona postida yuzaga kelgan avtotransport vositalarining tirbandlik holati keng muhokama qilinmoqda. 

Mazkur holat O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi tomonidan o`rganildi. O`rganish natijasida “Daut-ota” chegara bojxona posti orqali kirish va chiqish yo`nalishida harakatlangan avtotransport vositalarining oqimi quyidagi omillar sabab ko`payganligi aniqlandi:

- pandemiya sharoitida Turkmanistonda karantin tadbirlarining kuchaytirilganligi hamda Turkmaniston hududi orqali avtotransport vositalarining harakati cheklanganligi sababli avtotransport vositalari O`zbekiston – Qozog`iston – Rossiya – Gruziya - Turkiya yo`nalishida harakatlanmoqda;

- qish mavsumida havo haroratining keskin pasayib ketishi natijasida Qozog`iston Respublikasi, Aktobe viloyati, Irgiz qishlog`i orqali o`tuvchi yo`lning muzlashi, shuningdek, Rossiya Federasiyasining janubiy viloyatlariga yukni etkazib beruvchi tashuvchilar uchun “Daut-ota” chegara bojxona posti orqali harakatlanish qulay bo`lmoqda (masofaning qisqaligi va yo`l xarajatlarining kamligi);

- O`zbekiston Respublikasi bilan Turkiya davlati o`rtasida imzolangan kelishuvga asosan, tashqi savdo yuklarini tashuvchi tomonlar avtotransport vositalari uchun qulaylik va engilliklar yaratilganligi sababli Turkiya davlati hududi orqali O`zbekiston tashuvchilarining harakatlanishi ko`paygan.

O`zbekiston hududiga kirib kelayotgan avtotransport vositalari bojxona postida belgilangan muddatlarda qo`shimcha vaqt talab qilmagan holda bojxona ko`rigidan o`tkazilmoqda.

O`z navbatida, qozoq-o`zbek davlat chegarasida yuzaga kelayotgan tirbandlikni bartaraf etish maqsadida Qozog`iston tomoni bilan Davlat bojxona qo`mitasi Rahbariyati darajasida har hafta, mas`ul boshqarmalari darajasida har kuni, bojxona posti darajasida har ikki soatda muloqot qilinib, bir-biriga ko`maklashgan holda tezkorlik bilan mavjud muammolar echimi topilmoqda.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi tomonidan qozoq-o`zbek davlat chegarasida yuzaga kelayotgan tirbandlikni bartaraf etish bo`yicha olib borilayotgan ishlar nazoratga olindi.

    Boshqa yangiliklar