AsosiyJamiyat

«U qaror qabul qilishda demokrat». Sergeli hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev haqida

'«U qaror qabul qilishda demokrat». Sergeli hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev haqida'ning rasmi

Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov Toshkent shahar rahbari Jahongir Ortiqxo`jaevning ishlash tartibi va shaxsiy sifatlari haqida so`zlab berdi. «U chapani odam va tadbirkorlarga xos fikrlaydi», dedi u.

Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida hozirgi lavozimga tayinlangani va Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev bilan ishlagani haqida gapirib berdi.

Hokim lavozimiga tayinlangani haqida

Elbek Shukurovning eslashicha, barchasi koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan paytda, u jismoniy tarbiya va sport vaziri o`rinbosari sifatida ishlayotganida boshlangan.

«Men shahar hokimining oldiga kelib, ‘Qanday yordam beray?', deb so`radim, chunki tibbiyot uchun mas`ul kompleksni boshqarayotgandim. O`shanda u ‘O`zekspomarkaz' bilan shug`ullanishni so`radi (u erda bir necha oy davomida koronavirusga chalingan bemorlar uchun taqsimot markazi faoliyat yuritdi — tahr.). Biz hokim bilan birgalikda ishni tashkil qildik. Men doim o`sha erda edim, yashadim. Adashmasam, bu iyul oyi edi», — aytadi hokim.

Shu vaqt oralig`ida Sergeli tuman hokimi lavozimidan ozod qilindi. «Bir kuni tushlik vaqtida Jahongir Ortiqxo`jaev: ‘Mana, sen sportga ketib qolding, vaholanki, yaxshi ishlayotgandik', dedi». Elbek Shukurov bunga javoban «qalban har doim hokimlikda ekani va kelajakda u erga qaytish niyati bor"ligini aytgan.

«Oradan ikki-uch hafta o`tib, u menga: ‘Sen qalban hokimlikda san-ku, men seni Sergeli tumani hokimi lavozimiga tavsiya qildim. Nima deysan shunga?', dedi. Men: ‘Siz bilan ishlashga jon deb boraman', deb javob berdim», — deb eslaydi Elbek Shukurov.

Hokim Jahongir Ortiqkxo`jaev haqida

«O`zbek tilida ‘chapani' degan so`z bor. Bu dangalchi, mahalladan chiqqan, o`z harakatlarini qandaydir bezamaydigan odam. To`g`ridan-to`g`ri, ochiqchasiga nimadir deydi, nimadir qiladi. To`g`risi, rahbar odam uchun, nazarimda, bu yaxshi xususiyat», — dedi Elbek Shukurov.

Sergeli tumani hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevning tadbirkorlarga xos fikrlashini ham alohida qayd etib o`tdi. Uning so`zlariga ko`ra, u yoki bu muammoni hal etishda poytaxt hokimida «mutlaqo farqlanadigan fikr, boshqacha qarash bo`ladi. Aynan mana shunday fikrlash ba`zan to`g`ri, ehtimol, g`ayrioddiy echim topishga yordam beradi».

«U menejer sifatida, boshqaruvchi sifatida, katta biznesni, katta jamoani, yirik kompaniyani boshqargan odam sifatida, mening nazarimda, eng mos inson. Siyosatchilar, albatta, so`zini ehtiyot bo`lib, tanlab gapiradigan, qandaydir jumlalarni va harakatlarni tanlab qiladigan odamlar bo`lsa kerak. Mana shu masala bo`yicha, ehtimol, uni eng ko`p muhokama qilishadi. „Nimadir dedi, nimanidir o`ylamadi, nimadir qilmadi“. Bu, balki, uni siyosatchidan farqlab turadigan va boshqaruvda, imijni yaratishda halaqit qiladigan jihatidir», — deya ta`rifladi Sergeli rahbari poytaxt hokimini.

Shukurovning ta`kidlashicha, Toshkentning rahbari hayotda «OAVda yoki qandaydir yig`ilishlarda chiqish qilayotgan odamdan biroz farq qiladi». Hokim bilan o`zaro suhbat davomida u ish va xalq to`g`risida qanday qayg`urayotganini ko`rish mumkin, «biroq matbuot xizmati buni ko`rsatib berolmaydi».

Poytaxt hokimligiga nisbatan bo`lgan negativ haqida

Elbek Shukurovning ta`kidlashicha, piar masalasidagi xatoliklar boshida Toshkent shahar hokimligida og`riqli qabul qilingan, biroq keyin «hokimning o`zi bunga qanday munosabat bildirayotganini ko`rib», vaziyat o`zgargan.

«„Lyubaya biznes xorosha“ degan gapni o`zimiz ham tez-tez muhokama qilib turamiz, shahar hokimining o`zi ham ba`zan shu gap ustidan hazil qiladi. Ba`zida uning oldida shu gapni o`zimiz ham ishlatamiz. Agar qandaydir jiddiy muammoga taalluqli bo`lmasa, og`riqli emas», — dedi tuman hokimi.

Shu bilan birga, Elbek Shukurovning fikriga ko`ra, toshkentliklarning shahar ma`muriyatiga nisbatan bahsli, ba`zida salbiy munosabatda bo`lishi «ko`p jihatdan odamlar faqat shahar hokimini bilishi», uning o`rinbosarlari va boshqa mas`ul shaxslarni tanimasligi bilan bog`liq.

«Ko`p yaxshi ishlar qilingan, biroq ularni tez unutamiz, hokimlik deganda ko`proq xatolar xayolga keladi. Hokim o`rinbosarlari va boshqa mas`ul shaxslar ko`proq muloqot qilganda edi, media uchun ochiqroq bo`lsa, hokimlik haqida tasavvur butunlay boshqacha bo`lardi», — deydi hokim.

«Rahbar sifatida, u (Jahongir Ortiqxo`jaev — tahr.) demokrat. Bu qarorlarni qabul qilish jarayonida ayniqsa yaqqol seziladi. U har doim o`z o`rinbosarlari, xodimlari bilan maslahatlashadi», — deya so`zini tugatdi Sergeli tumani hokimi.

    Boshqa yangiliklar