Amudaryo tumanida 2021 yil davomida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo`yicha dastur ishlab chiqilgan edi. Ushbu dastur ijrosini ta`minlash maqsadida ayni paytda mas`ullar tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yoshlarni ijtimoiy himoya qilish va qo`llab-quvvatlash maqsadida tumanning chekka hududlarda joylashgan ta`lim muassasalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta`minlangan oilalar farzandlari, maktablarga 5-6 km. uzoqlikdan qatnayotgan o`quvchi-yoshlar ro`yxati shakllantirildi. Ushbu jarayonda tumandagi mavjud 85 ta umumiy o`rta ta`lim maktabining 1-11-sinf o`quvchilar orasida 50 nafar o`quvchi-yoshlar uzoq masofadan maktablarga qatnab, ta`lim-tarbiya olib kelayotganligi aniqlandi.
31 mart kuni Amudaryo tumani hokimligi binosida tadbir o`tkazilib, unda tuman hokimi Sultonboy Yo`ldashev va sektorlar rahbarlari, tuman Xalq ta`limi bo`limi, ta`lim muassasalari mas`ullari ishtirok etdilar.
Tuman hokimi Sultonboy Yo`ldashev ushbu tadbirda so`zga chiqib, samimiy tilaklarini bildirdi. Yurt kelajagi bo`lgan yoshlarning komil insonlar bo`lib voyaga etishlari uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida gapirdi. Barcha yoshlarning kelgusi o`qishlarida a`lo baholarga o`qib o`zlari tanlagan oliy ta`lim muassasalariga kirib, etuk mutaxassislar bo`lib etishishlariga ishonch bildirdi.
Shundan so`ng, uzoq masofadan maktablarga qatnaydigan 50 nafar o`quvchilarga 50 dona velosiped topshirildi.
Tadbirda velosipedlarga ega bo`lgan o`quvchi-yoshlar so`zga chiqib, davlatimiz tomonidan yaratilgan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanib, buyuk kelajak yaratishga qodir insonlar bo`lib etishish uchun bor kuch-g`ayrati bilan intilishlarini aytib o`tdilar.






