AsosiyJamiyat

Davlat bojxona qo`mitasida Turkiya elchisi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi

'Davlat bojxona qo`mitasida Turkiya elchisi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi'ning rasmi

2021 yil 1 aprel kuni Davlat bojxona qo`mitasida Turkiya Respublikasining O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Olgan Bekar bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasida Turkiya Respublikasining Elchisi sifatida yangi ish boshlagan O.Bekarga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarliklarida olib borilayotgan faol tashqi siyosat natijasida O`zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan xalqaro hamkorligi tobora kengayib borayotganligi, davlat idoralarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, shu jumladan bojxona idoralarida bo`layotgan yangilanishlar to`g`risida aytib o`tildi.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston-Turkiya hamkorligi so`nggi yillarda juda faollashib, yuqori darajaga ko`tarildi.
Tashqi savdo hajmining yildan yilga ortib borishi ikkala mamlakat bojxona xizmatlari o`rtasida ham faol hamkorlikni yanada kuchaytirishning ahamiyatini namoyon etadi.

Bu borada 2018 yil 30 aprelda O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi bilan Turkiya Respublikasi Bojxona va savdo vazirligi o`rtasida “Qo`shma bojxona kengashi” tashkil etilganligini o`zaro hamkorlikning eng muhim voqeasi sifatida qayd qilish o`rinli bo`ladi.
Uchrashuvda Davlat bojxona qo`mitasi Raisi M.Azimov hozirda Turkiya bojxona xizmati bilan “Tashqi savdo statistikasi sohasida metodologik hamkorlik qilish” to`g`risidagi idoralararo Bayonnoma hamda “Davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining o`tishi haqida oldindan axborot almashish to`g`risida”gi hukumatlararo Bayonnomani imzolash bo`yicha tegishli ishlar olib borilayotganini ta`kidladi.

Ikki mamlakat bojxona xizmatlari bojxona sohasining qator yo`nalishlari bo`yicha hamkorlik qilishlari, jumladan xodimlarning malakasini oshirish, bojxona laboratoriyalari faoliyatini takomillashtirish, chegara bojxona postlarini modernizasiya qilish kabi masalalarda tajriba almashish va o`quv mashg`ulotlarini tashkillashtirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etib o`tildi.

Tadbirda elchi Olgan Bekar janoblari samimiy va yuksak saviyadagi qabul uchun minnatdorchilik bildirdi. Munosabatlarning bunday tarzda rivojlanishi O`zbekiston va Turkiyaning xalqaro maydondagi nufuzining ortishiga, ikki davlat iqtisodiyotlarining o`sishiga hamda mamlakatlarimiz xalqlari ijtimoiy-iqtisodiy farovonligiga xizmat qilishini ta`kidladi.

Shu bilan birga Olgan Bekar yuqorida qayd etilgan masalalarni ijobiy hal etishni o`z oldiga maqsad qilib qo`yishini va bor imkoniyatlarni jalb etgan holda yaqin kelajakda ularni hayotga tadbiq etish choralarini ko`rishini ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar