Har yili Ramazoni sharif kirib kelishi bilan yurtimiz masjidlari xatmi Qur`on sadolari ila burkanadi. Namozxonlar jomelardagi taroveh namozlarida o`qiladigan Qur`on tilovatiga butun vujudi bilan some bo`lib, ulkan ajru savobga ega bo`ladi va ruhiy-ma`naviy ozuqa oladi.
Bu yilgi taroveh namozi va Qur`on xatmi lazzatini mo`min-musulmon xalqimiz o`zgacha sog`inch, intizorlik va shavq bilan kutmoqda.
Insha Alloh, bu yil yurtimiz masjidlarida taroveh namozi o`qiladi. Quvonarlisi, 1370 dan ziyod masjidda xatmi Qur`on o`tkaziladi.
Ma`lumki, 2020 yil koronavirus pandemiyasi sabab yurtimizdagi masjidlar faoliyati to`xtab, xalqimiz kundalik besh vaqt namoz, juma, hayit va taroveh namozlarini jamoat ila ado etolmagan edi. Alhamdulillah, bu yil tarovehdagi xatmi Qur`on fayzidan bahramand bo`lamiz.
Ta`kidlash joizki, yildan-yilga masjidlarimizda xatmi Qur`onlar ziyoda bo`lib, tartib va o`zgacha tarovatda o`tmoqda. Misol uchun, 2019 yil 1220 masjidda, 2018 yil 1149 masjidda xatmi Qur`on o`tkazilgan edi.
Qur`on o`qiladigan yurtda farovonlik bo`ladi. Bu joyga Allohning rahmati, barakasi yog`iladi, balo-ofatlar ariydi. Hazrati Payg`ambarimiz alayhissalom «Bir qavm jamlansa, ba`zisi duo qilsa va qolganlari “omin”, desa, albatta, Alloh taolo ularni ijobat qiladi», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ramazon oyida masjidlardagi taroveh namozlari va xatmi Qur`onlarda mo`min-musulmon xalqimiz jamoat bo`lib qilinadigan duolar Haq taolo dargohida mustajob bo`lib, o`lkamizga osudalik, baraka, keladi, bemorlarga shifoi komil topib, koronavirus kasalligi ariydi, insha Alloh.
Eslatib o`tamiz, 2021 yilda yurtimiz masjidlarida Ramazon oyi va taroveh namozlariga tayyorgarlik boshlangani haqida xabar bergandik.






