1

O`zbekiston tashabbusi bilan Yoshlar huquqlari bo`yicha do`stlar guruhi tuzildi

Jamiyat 02.04.2021, 14:07
O`zbekiston tashabbusi bilan Yoshlar huquqlari bo`yicha do`stlar guruhi tuzildi

Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha  O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati darakchi.uz ga ma`lum qildi.

BMT Bosh kotibining Yoshlar ishlari bo`yicha elchisi Jayatma Vikramanayake O`zbekiston tashabbusi bilan tuzilgan Yoshlar huquqlari bo`yicha do`stlar guruhining taqdimotida ishtirok etdi. Ushbu xalqaro loyiha doirasida butun sayyoramiz yoshlarining huquqlarini ilgari surish va imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda dunyoda qariyb 2 milliard nafar yoshlar yashaydi va bu – insoniyat tarixidagi eng ko`p sonli avlod, deganidir. Ayrim mamlakatlarda aholining 70 foizigacha bo`lgan qismini navqiron insonlar tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, BMTning joriy inqirozga qadar e`lon qilingan ma`lumotlariga qaraganda, jahon yoshlarining har beshtasidan bittasi o`qish, kasb-hunar o`rganish va ishlash imkoniga ega emas. Yoshlarning har to`rttadan bittasi mojaroli sharoitlarda yashayotgan bo`lsa, har yili 12 million nafar qiz o`zi balog`atga etmasdan farzand ko`rmoqda.

Pandemiya bunday qaltis vaziyatni yanada og`irlashtirib yubordi: maktab o`quvchilarining kamida uchdan bir qismi bilim olish imkoniyatidan mahrum bo`ldi, salkam yarim milliard nafar o`quvchi maktabga barmayapti, 11 million nafar qizlar esa umuman darsga qaytmasligi ehtimoli mavjud. 

Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yaqinda o`z chiqishlaridan birida dunyo ahlini butun boshli bir avlod falokat yoqasida turganidan ogohlantirdi. Bunda ekstremistik guruhlarning ijtimoiy tarmoqlarda yana faollashib, o`zaro nafratni targ`ib etayotgani va yoshlarni o`z saflariga da`vat qilayotgani yanada xatarlidir.

Yoshlar huquqlari bo`yicha do`stlar guruhining asosiy vazifasi – yoshlar siyosati sohasidagi tashabbuslarni qo`llab-quvvatlash va yoshlar huquqlariga doir xalqaro-huquqiy hujjat ishlab chiqish borasidagi sa`y-harakatlarni rag`batlantirishdir. Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari bo`yicha xalqaro konvensiyani ishlab chiqish hamda qabul qilish g`oyasi taklif qilingan. Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo`llab-quvvatlanmoqda. 

Bugungi kunga qadar Yoshlar huquqlari bo`yicha do`stlar guruhi safiga Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlatlari qo`shildi.

O`zbekistonning BMTdagi Doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov qayd etganidek, ijtimoiy hayotda navqiron avlodning o`rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shunga qaramay, afsuski, ularning kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etadigan qarorlarni qabul qilish va shu jarayonlarda bevosita ishtirok etish darajasi ko`pincha faqat maslahatlashuvlar bilan cheklanib qolmoqda. 

Vaholanki, dunyo yoshlari zo`ravonliklardan ayniqsa ko`p aziyat chekmoqda. Bugun jahon miqyosidagi jami qotilliklar qurbonlarining yarmidan ko`pini 30 yoshga to`lmagan shaxslar tashkil etmoqda, 400 million nafardan ortiq navqiron inson qurolli nizolar sharoitida yashamoqda, salkam 27 million nafar yoshlar esa xalqaro migrantlar hisoblanadi.

O`zbekistonning BMTdagi Doimiy vakili Yoshlar huquqlari bo`yicha do`stlar guruhi yoshlarga doir muloqotlarning faollashishida, yoshlar huquqlariga doir xalqaro-huquqiy hujjatning muhimligi yuzasidan amaliy bahs-munozaralar tashkil etilishida, pirovardida tegishli Konvensiya loyihasini ishlab chiqish bo`yicha Ishchi guruh shakllantirilishda muhim rol o`ynashini ta`kidladi. Yoshlar huquqlari bo`yicha do`stlar guruhiga boshqa mamlakatlarni ham a`zo bo`lishga chaqirdi.


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1