Respublikada uch va to`rt yulduzli mehmonxonalarni subsidiyalash muddati 2023 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.
Ma`lum qilinishicha, mehmonxonalarning uch yulduzli toifasi uchun 50 xonadan kam bo`lmagan va to`rt yulduzli toifasi uchun 100 xonadan kam bo`lmagan fondga ega mehmonxonalarni foydalanishga topshirish muddatlari 2023 yil oxiriga qadar uzaytirdi. Ya`ni, mehmonxonalar ushbu qayd etilgan muddatgacha foydalanishga topshirilgan taqdirda belgilangan tartibda subsidiyalanadi.
Shuningdek, subsidiya olishni istagan investorlar hujjatlarni topshirish sanasida Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va boshqa majburiy to`lovlar bo`yicha qarzi bo`lmasligi hamda bankrotlik va tugatish jarayonida bo`lmasligi talab qilingan.
Eslatib o`tamiz, hukumat qarori bilan Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish, tashkilotlarni franchayzing to`g`risidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablag` ajratish tartibi haqidagi nizom tasdiqlangan. Nizomga muvofiq, bir martalik subsidiya quyidagi miqdorlarda beriladi:
-uch yulduzli mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 40 million so`m;
-to`rt yulduzli mehmonxonalarning har bir xonasiga 65 million so`m.