1 aprel kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo`yicha etakchi xalqaro kompaniyalardan biri bo`lgan BAAning Masdar kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qo`yish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Tadbir doirasida Masdar kompaniyasi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda O`zbekiston Energetika vazirligi o`rtasida qurilayotgan elektr stansiyasining loyihaviy quvvatini 500 megavattdan 1,5 gigavattgacha oshirish bo`yicha bitim imzolangan.
Zarafshon tumanidagi shamol elektr stansiyasi 2024 yilning oxirigacha tijoriy foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. 500 megavatt quvvatga ega loyiha 500 mingta xonadonga etarli hajmda elektr energiyani ishlab chiqarishni va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirishni ta`minlab berishi ko`zda tutilgan edi. Endilikda bu raqamlar mos ravishda 1,5 million xonadon va 3,3 million tonna karbonat angidridga ko`payadi.






