“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi qishloqlar ro`yxati quyidagi mezonlar asosida shakllantiriladi:
● olis va iqlimi og`ir hududdaligi;
● Xalq qabulxonalari va hokimliklarga yo`l, kommunikasiya tarmog`i va ijtimoiy soha bo`yicha yo`llangan murojaatlar soni;
● aholi va tadbirkorlarda o`z hududini obodonlashtirish tashabbusining mavjudligi;
● “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog`i”, “Turizm ovuli” maqomiga ega ekanligi.
Qarorga ko`ra, 2021 yilda jami 7 794 ta qishloq va mahallada 20,8 trln so`mlik qurilish, ta`mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi parametrlar tasdiqlandi.
Dasturlar doirasida, jumladan:
- 10 114,4 km ichki yo`llar quriladi va ta`mirlanadi;
- 765 km piyoda yo`laklari quriladi;
- 615 ta bog`cha, 1 030 ta maktab, 376 ta tibbiyot muassasalari faoliyati yo`lga qo`yiladi;
- 710 ta mahalla binosi, 114 ta mahalla guzari, 27 ta madaniyat markazlari quriladi va ta`mirlanadi;
- 345 ta avtobekatlar qurilib, ta`mirlanadi, 104 ta yangi jamoat transporti yo`nalishlari tashkil etiladi;
- 1 867 ta sport maydonchasi, 490 ta bolalar maydonchasi, 43,5 km uzunlikdagi velosiped yo`laklari barpo etiladi;
- 45 376 ta yakka tartibdagi uy-joylar, 1 323 ta ko`p kvartirali uy-joylar ta`mirlanadi, shuningdek 6 500 ta yakka tartibdagi uy-joylar quriladi.






