Ibrahimovich diskvalifikasiya qilinib, jarimaga tortildi. U «Jenoa»ga qarshi o`yinni o`tkazib yuboradi.
«Milan» hujumchisi Zlatan Ibrahimovich A Seriya 30-turi doirasidagi «Parma»ga qarshi o`yinning (3:1) 60-daqiqasida hakam Fabio Mareska bilan tortishgani va maydonda chetlatilgani uchun tartib-intizom qo`mitasi tomonidan ham jazoga tortildi.
A Seriya rasmiy saytining xabar berishicha, 39 yoshli hujumchi hakamga nisbatan hurmatsizlik qilgani va uning sha`niga haqoratli so`z ishlatgani uchun bitta o`yinga diskvalifikasiya qilinib, 5 ming evroga jarimaga tortilgan.
Shu tariqa Ibrahimovich A Seriya navbatdagi turi doirasida 18 aprel kuni «San Siro» stadionida o`tadigan «Jenoa»ga qarshi o`yinda maydonga tusha olmaydi.
Avvalroq, Zlatan lokdaun tartibini buzib, restoranga borgani uchun jarimaga tortilishi mumkinligi haqida xabar qilingandi.
Ma`lumot uchun, «Milan» 30-turdan keyin 63 ochko bilan turnir jadvalida 2-o`rinda bormoqda. Peshqadam «Inter» bilan farq 11 ochkoni tashkil etib turibdi.






