Shu kunlarda Toshkentda badiiy gimnastika bo`yicha Jahon kubogining ikkinchi bosqichi bo`lib o`tmoqda. Musobaqa doirasida o`zbek qizlari tarixda ilk bor guruh mashqlarining ko`pkurash yo`nalishida g`alaba qozonishdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo`mitasi xabar berdi.
Ekaterina Pirojkova boshchiligidagi qizlarimiz (Nilufar Shomurodova, Dinara Ravshanbekova, Kseniya Aleksandrova, Sevara Safoeva, Kamola Irnazarova) dastlab 5 ta to`p bilan bajarilgan mashqda 41.25 ball, 3 halqa va 2 bulavada o`tgan mashqda esa 35.15, jami 76.40 ochko jamg`arishga muvaffaq bo`lishdi. Bu bilan jamoamiz eng yaqin ta`qibchisini sezilarli farq bilan ortda qoldirishga erishdi.
Jahon kubogi, ko`pkurash bo`yicha guruh mashqi
1. O`zbekiston – 76.40
2. Isroil – 73.55
3. Belarus – 72.25
Ta`kidlash joiz, bugun bo`lib o`tadigan yakkalik bellashuvlarining finalida Sabina Tashkenbaeva halqa, to`p va tasmadagi mashqlarda medallar uchun kurashsa, Ekaterina Fetisova to`p bilan mashqda o`z mahoratini namoyish etadi.






