Bugun, 23 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Tojikiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiyni qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida bugungi kunda ikki birodar mamlakat etakchilarining siyosiy irodasi va qat`iy harakatlari tufayli yuksak darajaga erishilganini alohida ta`kidladi.
Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik barcha yo`nishlarni qamrab olgan va jadal rivojlanishda davom etmoqda, aniq mazmun bilan boyimoqda.
Yaqin oylarda Tojikistonga oliy darajadagi tashrif rejalashtirilgan bo`lib, bugun ikki mamlakat hukumatlari uzoq muddatli istiqbolga mo`ljallangan keng ko`lamli hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish ustida astoydil ishlamoqda.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasiga erishishdagi katta xizmatlari va ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo`shgan shaxsiy hissasi uchun elchi Sodiq Imomiyni O`zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig`i bilan taqdirladi.
Diplomat uning mamlakatimizdagi faoliyatiga yuksak baholangani va har tomonlama qo`llab-quvvatlangani uchun O`zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Sodiq Imomiy mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi birodarlik munosabatlarini mustahkamlash yo`lidagi maqsad va vazifalarni so`zsiz amalga oshirishga bundan buyon ham bor kuch-g`ayratini qaratishini ta`kidladi.






