O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tgani, unda deputatlar Hisob palatasining 2015 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotni ko`rib chiqqani haqida xabar bergandik.
Hisobot davrida Hisob palatasi tomonidan Davlat byudjetining respublika va hududlar darajasida shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan nazorat tashkil etilgan, shuningdek byudjet mablag`larining qonun doirasida maqsadli yo`naltirilishi va samarali sarflanishi ustidan tekshirishlar olib borilgan.
30 YO`NALISh BO`YIChA 90 TA OB`EKTDA TEKShIRISh
Siddiqjon ABDUBOQIEV, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasi a`zosi:
— 2015 yilda Hisob palatasi Ish dasturiga asosan, 30 ta yunalish buyicha 90 ta ob`ektda nazorat tadbirini amalga oshirdi.
Ushbu nazorat tadbirlarga e`tiborimizni qaratadigan bo`lsak, Sirdaryo, Toshkent va Kashqadaryo viloyatlarida mahalliy byudjetning ijrosi bevosita xududlarga chiqqan holda tekshirildi. Tekshirish natijalari buyicha mahalliy byudjetlarning daromadlarini oshirish va xarajatlarini kamaytirish uchun ko`shimcha zaxiralar mavjud bo`lganligi aniqlangan.
Jumladan, Davlat byudjet daromadlarining bajarilishi o`rganilganda, Sirdaryo viloyatida 571,2 mln. so`m, Qashqadaryo viloyatida 894,2 mln. so`m va Toshkent viloyatida 1 144,4 mln. so`m soliq va majburiy to`lovlar kam hisoblanganligi aniqlangan.
Shuningdek, byudjetdan mablag` oluvchi byudjet muassasalarining ishchi va xodimlariga hisoblangan ish haqlarini to`lashda byudjet mablag`lari ortiqcha va noqonuniy yo`llar bilan plastik kartalarga o`tkazilganligi aniqlangan.
ORTIQChA VA NOQONUNIY SARFLARGAN MABLAG`LAR
Jumladan hisobot yig`ilishda ta`kidlandiki, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida byudjetdan mablag` oluvchi muassasalarining ishchi va xodimlariga hisoblangan ish haqlarini to`lashda ortiqcha va noqonuniy sarf-xarajatlar 2 mlrd. 585 mln. so`mni tashkil etdi.
Bundan tashqari birgina sog`liqni saqlash sohasida ham jami 5 mlrd. 658 mln. so`mlik byudjet mablag`lari noqonuniy sarflangan.
Shu bilan birga ushbu xududlarda Davlat dasturlarining ijrosini tahlil qilish ham o`rganib chiqildi. Bunda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 25 fevraldagi 41-sonli qaroriga asosan, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta`minlash maqsadida, Toshkent va Qashqadaryo viloyatidagi "Asakabank"dan lizing asosida "Suvoqova" korxonalariga texnikalar xarid qilish uchun byudjet mablag`lari ajratilgan. Biroq, Suvoqava korxonalari lizing to`lovlarini o`z vaqtida to`lamaganligi sababli banklar tomonidan texnikalar qaytarib olingan. Buning natijasida byudjetdan ajratilgan qariyb 1 mlrd.so`m mablag` samarasiz sarflangan.
Ta`kidlanishicha, joylarda bo`lib o`tgan muhokamalar chog`ida Hisob palatasi tomonidan aniqlangan kamchiliklar, byudjet intizomini buzish holatlari chuqur tanqid ostiga olinishi bilan birga, ushbu kamchiliklarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, aloqador vazirlik, idoralar va hokimliklar tomonidan moliyaviy xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha tegishli choralar ko`rilgan.
Shu kabi hisobot davridagi aniqlangan kamchiliklar yuzasidan amaldagi huquqiy me`yorlar asosida tegishli tashkilotlar tomonidan choralar ko`rildi. Jumladan 102 nafar xodim ishdan bo`shatilgan, 145 nafariga nisbatan ma`muriy, 104 nafariga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilgan hamda 445 nafar mas`ul shaxslarga nisbatan hayfsan e`lon qilindi.