Kecha, 29 aprel kuni Samarqand shahrida Qozog`iston Respublikasi bosh konsulligining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ochilish marosimida Qozog`iston Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Darxon Satibaldi va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdilar.
Konsullik Qozog`iston va O`zbekiston o`rtasida investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha vazifalarni bajaradi.
Qozog`iston bosh konsulligi Yalangtush Bahodir ko`chasi, 52a manzilida joylashgan.
Ma`lumot uchun: Qozog`iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev 2020-yil 23-sentyabrda Samarqand shahrida Qozog`iston Respublikasi bosh konsulligining ochilishi to`g`risidagi farmonni imzolagan. Samarqand, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi konsullik okruglari sifatida belgilangan.






