O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi raisi o`rinbosari, O`zbekiston boks federasiyasi raisining birinchi o`rinbosari, Osiyo boks konfederasiyasi Ijroiya Qo`mitasi a`zosi, Osiyoda boksni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash fondi rahbari Saken Polatov Osiyo boks konfederasiyasining vise-prezidenti lavozimiga saylandi. Bu haqida tashkilot matbuot xizmati ham rasman e`lon qildi.
Xabarda qayd etilishicha, O`zbekiston boks federasiyasi raisining birinchi o`rinbosari Saken Polatov dam olish kunlari o`tkazilgan Ijroiya Qo`mitasi a`zolari yig`ilishidagi ovoz berish jarayonida nomzodlar orasida katta farq bilan g`alaba qozongan hamda Osiyo boks konfederasiyasi vise-prezidenti lavozimiga saylangan. Bugundan Saken Polatov rasman Osiyo boks konfederasiyasi vise-prezidenti hisoblanadi.
Saken Polatov 2019 yilning aprel oyida Bangkokda o`tkazilgan ASBC Bosh assambleyasi davomida Ijroiya Qo`mita a`zoligiga saylangan edi.
2020 yilning dekabr oyidan boshlab Osiyoda boksni rivojlantirish jamg`armasi rahbari etib tayinlangan. Ushbu fond Osiyoda boksni rivojlantirish, kelajakda uzoq muddatli muvaffaqiyatlarga erishish maqsadida ASBC prezidenti Anas Alotaiba tomonidan tas`sis etilgan. Ushbu fond aprel oyida Toshkentda o`tkazilgan boks oqshomidan so`ng "Hilton" mehmonxonasida o`zining dastlabki yig`ilishini o`tkazgandi.
Osiyoda boksni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash fondi rahbari Saken Polatovning fikricha, tizimni doimiy monitoring qilish, qayta aloqa va nazorat ishni tashkil etishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
O`zbekiston boks federasiyasi Polshaning Kelse shahrida o`tkazilgan yoshlar o`rtasidagi jahon chempionatida fantastik natija qayd etdi va uchta oltin medal qo`lga kiritdi. Ular qatorida ayollar boksi oltin medali ham bor. Nigina O`ktamova, Shahzod Muzaffarov va Jahongir Zokirov Kelseda oltin medalga ega chiqdi.
O`zbekiston kattalar terma jamoasi esa Sankt-Peterburgdagi "Gubernator Kubogi"da to`rtta oltin medalni qo`lga kiritdi. Ular hozirda 21 may kuni Dubayda boshlanadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko`rishmoqda, deya ushbu bayonotga yakun yasagan ASBC matbuot xizmati.
Biz Saken Polatovni ushbu lavozim bilan tabriklaymiz hamda mas`uliyatli vazifada muvaffaqiyatlar tilaymiz.






