Shavkat Mirziyoev avtomobil transportida yo`lovchilar tashish faoliyatini tartibga solish bo`yicha qarorni imzoladi.
Hujjat bilan quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- 2022 yil 31 dekabrgacha muddatga eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga 4 ta o`rindiqli engil avtotransportda yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanish huquqi berilmoqda. Asosiy talablar:
➖ haydovchi 21 yoshga to`lgan va boshqaruvida 10 yildan ortiq bo`lmagan muddatda ekspluatasiya qilinayotgan engil avtomobil bo`lishi;
➖ texnik xizmat ko`rsatish stansiyalarida har 6 oyda kamida bir marotaba texnik ko`rikdan o`tishi;
➖ xususiy klinikalarda yoki oilaviy poliklinikalarda oylik tibbiy ko`rikdan o`tishi lozim.
2. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi faoliyati bilan shug`ullanish uchun boshlang`ich to`lov 5 barobarga kamaytirilib 690 ming so`mni, oylik to`lov 1,5 barobarga kamayib 425 ming so`mni tashkil qiladi.
3. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkor sifatida taksi faoliyati bilan shug`ullanish faqatgina mijozlarni izlash bo`yicha interaktiv xizmat ko`rsatuvchi kompaniyalar (agregatorlar) xizmati orqali amalga oshiriladi.
4. Taksi faoliyati bilan shug`ullanuvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli avtotransport vositalari uchun quyidagi yagona talablar joriy etilmoqda:
➖ avtotransport vositasining tom qismiga to`qsariq rangli fonar (plafon) o`rnatish va unda “TAXI” tanish belgisini aks ettirish;
➖ to`lovni amalga oshirish hamda bosib o`tilgan yo`lni elektron tarzda qayd etish imkoniyatini beruvchi maxsus ilovalarga ega moslamalar (uyali telefon, planshet va boshqalar) bilan jihozlash;
➖ avtotransport vositasining priborlar panelida avtotransport vositasi to`g`risidagi ma`lumotlar ko`rsatilgan tablichka mavjud bo`lishi.
5. Yuridik shaxslarga tegishli taksilar uchun quyidagi preferensiyalar nazarda tutilmoqda:
➖ “to`xtash taqiqlangan” yo`l belgisi amal qilish hududida, shu jumladan aeroport va vokzallarga tutash hududlarda to`xtab, yo`lovchilarni olish va tushirish huquqi saqlanib qolmoqda;
➖ aeroport, temir yo`l vokzali, davlat ishtirokidagi avtovokzal, bozor va savdo komplekslarining pullik to`xtash joylariga yo`lovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirishga ruxsat berilmoqda;
➖ avtobuslar uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yo`lagida harakatlanishga ruxsat berilmoqda.
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvarga qadar taksi sifatida foydalaniladigan avtotransport vositalarining rangi (“fil suyagi” va sariq ranglar) hamda maxsus davlat raqamiga (“TT” seriyali) qo`yilgan talablar to`xtatilmoqda.






