O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 may kuni Qozog`iston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Etakchilar G`alaba kuni va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon hayiti bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbatda O`zbekiston-Qozog`iston ko`p qirrali hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Turli darajalardagi faol va samarali ikki tomonlama muloqotlar tufayli hamkorlik ijobiy sur`atda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga o`sdi. O`tgan oyda chegaraoldi hududlardan birida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha xalqaro markaz qurilishi boshlandi.
Ustuvor investisiya va infratuzilma loyihalarini birgalikda tayyorlash va amalga oshirish, jumladan, Uchquduq–Qizilo`rda avtomobil va temir yo`llari hamda Turkiston-Toshkent tezyurar temir yo`lini qurish ishlari olib borilmoqda.
Ikki mamlakat hududlari yaqindan hamkorlik qilmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi muhim dasturlar davom ettirilmoqda.
O`zbekiston Prezidenti va Elboshi birodar xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalari, ishonch va sheriklik ruhidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida keng ko`lamli va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ekanini alohida ta`kidladilar.






