AsosiyJamiyat

Maktablarda ikkita fan qisqartirilib, umumiy bitta fanga aylantiriladi

'Maktablarda ikkita fan qisqartirilib, umumiy bitta fanga aylantiriladi'ning rasmi

Shu paytgacha Ona tili va O`qish fanlari alohida o`qitilgan. Endi esa ushbu ikki fanni birlashtirgan «Ona tili va o`qish savodxonligi» deb nomlangan yagona fan tashkil etiladi.

O`qish fani, asosan, badiiy uslubdagi, mavhum tushunchalarni tashiydigan matnlardan iborat edi. Yangi darslik uchun tanlangan matnlar va she`rlar esa  bolaning ijtimoiy hayotga kirishib keta olishida ko`maklashadigan, ham badiiy, ham informativ, ham ilmiy-ommabop uslubdagi matnlardan iborat.

Amaldagi darsliklarda tinglab tushunish kompetensiyasini rivojlantirish uchun topshiriqlar ajratilmagan bo`lsa, yangisida bu kompetensiyasini rivojlantirish uchun har bir mavzuga alohida topshiriqlar ishlab chiqilgan.

O`qib tushunish kompetensiyasini rivojlantirish uchun ajratilgan topshiriqlar esa,  asosan, matnda ochiq ifodalangan ma`lumotlarga, yoki didaktik elementlarga qaratilar edi. Endi esa darslikda o`qib tushunish kompetensiyasining barcha qismlarini qamrab oladigan savol va topshiriqlar bo`ladi.

Shu paytgacha ona tilini o`qitishdan maqsad tilning grammatikasini o`rgatish, til strukturasiga oid qoidalarni yod oldirish edi. Yangi darslikda eng muhim qoidalargina qoldirilgan. Rang-barang tasvirlar va qiziqarli topshiriqlarga ko`proq urg`u berilgan.

Ahamiyatli tomoni endi o`qituvchilar uchun «O`qituvchi kitobi», o`quvchilar uchun esa «Mashq daftari» ham bo`ladi.

Eski darsliklar til strukturasini o`rgatishga qaratilgan. Yangi darsliklarda esa til strukturasidan ko`ra, tilning leksikologik, semantik tomonlariga urg`u berilgan. Ya`ni asosiy e`tibor so`z, uning maʼnolari, o`rindoshlari, qo`llanish o`rinlari, lug`at boyligi kabi tomonlarga qaratilgan.

Amaldagi darslikdan o`rin olgan matnlarda bola yoshiga mos bo`lishidan ko`ra, didaktik ahamiyatiga urg`u berilgan. Taqdim etilayotgan didaktika esa yoshga mos, qiziqarli mavzulardagi matnlar hamda she`rlarga singdirilgan. Yozuvchilar bilan birgalikda matnlar qayta ishlab chiqilgan.

Darsliklardagi tushunarsiz bo`lishi mumkin bo`lgan so`zlar izohsiz qoldirilar edi. Yangi darsliklarda bolaning tushunishi uchun qiyin bo`lgan so`zlar darslikning orqa qismida maxsus lug`atga joylashtirilgan. Bundan tashqari ular ustida alohida mashqlar ishlab chiqilgan.

Tayyorlanayotgan darslikda gapdan to yaxlit matn yaratishgacha bo`lgan jarayon tizimli ravishda ishlab chiqilgan. Avval gaplardagi bo`sh o`rinlarni to`ldirishni boshlagan bola ma`lum mavzu doirasida kichik matn yarata olish darajasiga olib chiqiladi.

Shuningdek, darslikda o`quvchilarning eng og`riqli muammosi bo`lgan og`zaki javob beriladigan, o`gzaki tarzda bajariladigan alohida topshiriqlar ham ishlab chiqilgan. Yodlash uchun berilgan she`rni aytib berishlari uchun alohida vaqt ajratilgan.

Yangi darslikda uyga vazifalar mavjud emas. Nutqiy mavzular asosida izchillikda bir-birini to`ldiradigan, o`zi izlanib topishga qaratilgan nostandart mashq va topshiriqlar ishlab chiqilgan.

Ma`lum mavzu doirasida assosiativ tasavvur darajasidan og`zaki yoki yozma matn yaratish darajasiga olib chiqishga qaratilgan ta`lim mazmuni ishlab chiqilgan.

Badiiy matnlar bilan ishlashda muallifning so`z qo`llash mahorati amaliy topshiriqlar orqali ochib berilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar