AsosiySiyosat

Ramazon hayitini nishonlash to`g`risida Prezident qarori qabul qilindi

'Ramazon hayitini nishonlash to`g`risida Prezident qarori qabul qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bugungi kunda ma`naviy qadriyatlarimizning jamiyat hayotidagi o`rni va ahamiyatini yanada oshirish, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma`rifiy merosida ulug`langan, xalqimiz tomonidan asrlar davomida e`zozlab kelinayotgan insonparvarlik, shukronalik, bag`rikenglik, mehr-oqibat va saxovat tuyg`ularini kuchaytirish hamda muborak Ramazon hayitini munosib nishonlash maqsadida:

1. O`zbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 13 may – payshanba kuniga to`g`ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2021 yil 13 may Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlansin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 maydagi “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo`shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko`chirish to`g`risida”gi PF–6122-son Farmoniga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi PF–6222-son Farmoni bilan 2021 yil 14–15 may kunlari qo`shimcha dam olish kunlari sifatida belgilanganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo`yicha qo`mita, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon hayitining karantin talablariga muvofiq, xalqimizning milliy va diniy an`analariga mos ravishda o`tkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

3. O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog`liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti                                  Sh. MIRZIYoEV

    Boshqa yangiliklar