O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 may kuni Yaponiya Bosh vaziri Yosixide Suga bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston-Yaponiya strategik sheriklik va ko`p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifdan so`ng amaliy hamkorlikda, ochiq va samarali muloqotda yuksak natijalarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlatimiz rahbari yangi O`zbekistonni barpo etish bo`yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kompleks islohotlar dasturini faol qo`llab-quvvatlayotgani hamda koronavirusga qarshi kura shva pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini engib o`tishda ko`rsatilgan yordam uchun Yaponiya Bosh vaziri va Hukumatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Yaponiya Bosh vaziri, o`z navbatida, yangilanishlarni yanada ilgari surish, zamonaviy sanoat va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida O`zbekistonga moliyaviy-texnik ko`makni kengaytirishga tayyor ekanini ta`kidladi.
Yaponiya tomoni Toshkent Koreya yarim orolini yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish va o`g`irlangan yapon fuqarolarini qaytarish masalasini muttasil qo`llab-quvvatlayotgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
O`zbekiston Prezidenti JISA agentligi, Yaponiyaning etakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari bilan samarali sheriklikni yuksak baholadi. O`tgan yilda, global inqiroz va karantin cheklovlariga qaramay, yaponiyalik sarmodor va mutaxassislar bilan birgalikda To`raqo`rg`on IES qurilishi, Navoiy IESni kengaytirishning ikkinchi bosqichi, “Navoiyazot” korxonasida ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo`yicha yuqori texnologik quvvatlarni ishga tushirish kabi ustuvor loyihalar amalga oshirildi.
O`zaro savdo va investisiyalar hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhim ekani alohida ta`kidlandi.
Davlat rahbarlari qo`shma biznes loyihalarni moliyaviy qo`llab-quvvatlashning samarali vositalarini joriy etish tashabbusini ma`qulladilar.
Shuningdek, xalqaro kun tartibi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.
Yaponiya Bosh vaziri joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o`tkaziladigan Markaziy va Janubiy Osiyoning o`zaro bog`liqligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiyani qo`llab-quvvatlashini va uning ishida ishtirok etishini ta`kidladi.
Suhbat so`ngida O`zbekiston Prezidenti Tokio shahridagi Olimpiya va Paralimpiya o`yinlari muvaffaqiyatli o`tishini tiladi hamda Bosh vazir Yosexide Sugani mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif qildi.
O`zbekiston va Yaponiya etakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, do`stona va ishchan ruhda o`tdi.