12 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`anning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar. Ushbu muqaddas ayyomning barcha musulmonlar uchun alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor qildilar.
Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qildilar. Koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq murakkab sharoitda ko`p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani ta`kidlandi.
Xususan, turli darajalarda o`zaro almashinuv va muloqotlar faollashdi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 40 foizga ortdi, 164 ta yangi qo`shma korxona tashkil etildi, hududlar o`rtasida hamkorlik yo`lga qo`yilmoqda. Samarqand shahrida Turkiya konsulligi o`z ishini boshladi. Qo`shma madaniy-gumanitar dasturlar, shu jumladan ta`lim, kinematografiya va sport sohalarida amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbarlari Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig`ilishini o`tkazishga puxta tayyorgarlik ko`rish muhim ekanini qayd etdilar.
Shu maqsadda kelgusi oyda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishi hamda biznes-forum o`tkaziladi.
Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xo`jaligi, infratuzilma, transport, turizm, sog`liqni saqlash va boshqa sohalarda qo`shma investisiya loyihalarini amalga oshirishning borishi ko`rib chiqildi.
Telefon muloqoti chog`ida etakchilar xalqaro siyosat masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Prezidentlar Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi munosabati bilan chuqur xavotirda ekanliklarini bildirdilar. Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq normalariga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyusiyalar asosida tinch yo`l bilan hal etilishi lozimligi qayd etildi.
Turkiy kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikka alohida e`tibor qaratildi.
O`zbekiston va Turkiya Prezidentlarining muloqoti har doimgidek o`zaro ishonch ruhida, ochiq va do`stona o`tdi.






