AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Tojikiston Bosh vazirini qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev Tojikiston Bosh vazirini qabul qildi'ning rasmi

14 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qo`shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi ko`p qirrali amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko`rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat etakchilarining siyosiy irodasi va qat`iy sa`y-harakatlari tufayli o`zaro hamkorlikda erishilgan hozirgi yuksak darajani katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Qohir Rasulzoda O`zbekiston Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuvda savdo, mashinasozlik, energetika, qazib olish sanoati, qishloq xo`jaligi, to`qimachilik, transport, turizm va sog`liqni saqlash sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi. Shuningdek, hududlar va biznes darajasidagi faol muloqotlar hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari davom ettiriladi.

Tojikiston Bosh vaziri ikki davlat rahbarlarining bo`lajak sammitiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko`rishga, shuningdek, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi keng ko`lamli sheriklikni mustahkamlashga bor kuch-g`ayratini qaratishini ta`kidladi.

Boshqa yangiliklar