Bugun, 17 may kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaevaning Indoneziya Respublikasi parlamenti Vakillar palatasi spikerining sanoat va taraqqiyot masalalari bo`yicha o`rinbosari Rahmat Gobel bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.
So`nggi to`rt yilda O`zbekiston va Indoneziya o`rtasida barcha sohalarda, jumladan, parlamentlar o`rtasida hamkorlik yangi bosqichga ko`tarildi.

Indoneziya parlamenti vise-spikeri O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. “Biz O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida tarixiy yodgorliklarni saqlash va Islom dinini hamda boy madaniy merosni o`rganish bo`yicha ulkan ishlar olib borilayotganiga guvoh bo`ldik”, - dedi u.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning foydalanilmagan katta salohiyatini qayd etib, ikki mamlakat uchun ustuvor bo`lgan yo`nalishlarda aniq qo`shma loyihalarni amalga oshirish orqali samarali hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Indoneziya hukumatlararo komissiyasi faoliyati samaradorligini oshirish masalalari ko`rib chiqildi.
Tomonlar to`qimachilik, kimyo sanoati, farmasevtika, turizm, madaniyat, ta`lim, gender tenglik va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Tomonlar ikki mamlakat o`rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirishdan, shu jumladan ta`lim loyihalarini rag`batlantirishdan va talabalar hamda o`qituvchilar almashishdan, ikki mamlakat ta`lim muassasalarida o`zbek va indonez tillarini o`rganishdan, ilmiy-akademik faoliyat olib borishdan, tibbiyot, ziyorat turizmini rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Parlamentlararo o`zaro aloqalarni kuchaytirish muhimligini ta`kidlab, tomonlar turli darajalarda o`zaro tashriflarni amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladilar, doimiy muloqot, shuningdek, O`zbekiston va Indoneziya parlamentlari palatalarining tegishli qo`mitalari o`rtasida aloqalar muhimligini ta`kidladilar, bu, shubhasiz, ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo`lida O`zbekiston-Indoneziya hamkorligini yanada chuqurlashtirish manfaatlariga javob beradi.






