AsosiySiyosat

O`zbekiston elchisi Qirg`iziston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

'O`zbekiston elchisi Qirg`iziston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi'ning rasmi

O`zbekistonning Favqulodda va muxtor elchisi Xurshid Mirzohidov kecha Qirg`iziston Prezidenti Sadir Japarovga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Tantanali marosim «Ala-Archa» davlat qarorgohida bo`lib o`tdi.

Tadbirdan so`ng bo`lib o`tgan suhbat chog`ida Qirg`iziston rahbari o`zining joriy yil mart oyida O`zbekistonga buyurgan davlat tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoev bilan muzokaralari muvaffaqiyatli o`tganiga, buning natijasida muhim kelishuvlarga erishilgani va har ikki tomon manfaatlariga javob beradigan qator hujjatlarning imzolanganiga alohida urg`u berdi.

Qirg`iziston va O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlarning hozirgi yuqori dinamikasi nafaqat ikki mamlakat qardosh xalqlarining yanada farovonligiga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Har ikki tomon «Xitoy–Qirg`iziston–O`zbekiston» temir yo`li qurilishi loyihasini amalga oshirish, shuningdek, iqtisodiy foydali yo`nalishlar bo`ylab multimodal tashuvlarga katta ahamiyat bermoqda.

Qirg`iziston Prezidenti koronavirus pandemiyasi vaqtida gumanitar va texnikaviy yordam ko`rsatgani uchun qardosh O`zbekiston rahbariyati va xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o`tamiz, elchi Xurshid Mirzohidov 2020 yil 31 may kuni Bishkekka borgan va 15 iyun kuni Qirg`iziston tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlarining nusxasini topshirgan edi.

Xurshid Mirzohidov bunga qadar O`zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri, Milliy teleradiokompaniyasi raisi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo`llari qo`mitasi raisining o`rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Undan oldin mamlakatimizning Qirg`izistondagi elchisi lavozimida Komil Rashidov faoliyat ko`rsatgan.

    Boshqa yangiliklar